Dunyo

Odessada erkak harbiy komissariat xodimlariga o‘q uzdi

Ukrainaning Odessa shahrida 32 yoshli erkak safarbarlik tadbirlari vaqtida Hududiy komplektlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi xodimlariga qarata o‘q uzdi. Hodisa oqibatida to‘rt kishi jarohat olgan bo‘lib, ulardan biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Odessa shahrida 32 yoshli fuqaro harbiy komissariat xodimlariga qarata o‘q uzdi. Bu haqda Odessa viloyati politsiyasi va mahalliy OAV xabar berdi.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, voqea safarbarlik tadbirlari chog‘ida yuz bergan. Erkak Hududiy komplektlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazining tuman bo‘limi xodimlariga Flober pistoleti (o‘q-dorisiz ishlaydigan kichik kalibrli o‘quv revolveri)dan bir necha marta o‘q uzgan.

Otishma natijasida to‘rt kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Ulardan biri orqa qismidan og‘ir jarohat olgani sababli shifoxonaga yotqizilgan.

Markazning rasmiy bayonotiga ko‘ra, hodisa harbiy xizmatchilar o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Voqeadan so‘ng politsiya gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Unga nisbatan Ukraina Jinoyat kodeksining Qurolli kuchlar va boshqa harbiy tuzilmalarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilishga oid moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Huquq-tartibot idoralari ishlatilgan qurolni ekspertizaga yuborgan va hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

military commissariatinjuriesinvestigationodessamobilizationukraineshootingarrest