Chaqaloqning odatdagidan kam uxlashiga nima sabab bo‘lishi mumkin?

Chaqaloqlarning odatdagidan kam uxlashiga nima sabab bo‘lishi mumkin? Neonatolog Malika Usmonovaning so‘zlariga ko‘ra, me’yoridan kam uyqu asosan markaziy asab tizimining perinatal zararlanishi bo‘lgan chaqaloqlarda kuzatiladi.
Misol uchun, homiladorlikning so‘nggi davrida yoki tug‘uruq vaqtida onaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, ya’ni bola asfiksiya (nafas olish faoliyatining o‘tkir buzilishi tufayli qonda va to‘qimalarda kislorod yetishmasligi), gipoksiya (qonda va to‘qimalarda kislorodning me’yordan kamayishi) yoki infeksiya yuqtirgan holda tug‘ilsa, tug‘uruqxonadan chiqqandan so‘ng unda uyqu buzilishi holati uchraydi.
Odatda, yangi tug‘ilgan chaqaloq bir sutkada 18 soatgacha uxlaydi. Agar u 14-16 soat dam olayotgan bo‘lsa, bu ham me’yor hisoblanadi. Biroq 14 soatdan kam uyqu buzilishi hisoblanadi.
Shuningdek, 5-9 oylik bolalar o‘rtacha 15-16 soat, 10 oylikdan 2 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar 12-13 soat uxlaydi. Vaqt o‘tgan sari esa kunduzgiga nisbatan tunda ko‘proq orom oladi.
Shuni bilish kerakki, uyqu vaqtida go‘dakning qoniga somatotropin gormonining 90 foizi ajralib chiqadi. Bu gormon chaqaloqning jismoniy rivojlanishini ta’minlaydi.

