Layfstayl

“Yana 5 daqiqa”: budilnikni keyinga surish odati sog‘liqqa qanday ta’sir qiladi?

"Yana 5 daqiqa": budilnikni keyinga surish odati sog‘liqqa qanday ta’sir qiladi?

Uyg‘onish jarayoni organizm uchun o‘ziga xos stress hisoblanadi. Ayniqsa, budilnik chuqur uyqu fazasidan uyg‘otganda, miya bu noqulaylikni hech bo‘lmaganda bir necha daqiqaga kechiktirishga intiladi. Shu sababli budilnikni qayta-qayta keyinga surish odati tez shakllanadi, chunki u bir lahzalik yengillik beradi.

Muammo shundaki, uyqu taxminan 90 daqiqalik sikllardan iborat. Budilnikni har 5–10 daqiqada qayta qo‘yish esa organizmga to‘laqonli uyqu bosqichiga qaytishga imkon bermaydi. Natijada uyqu bo‘laklarga bo‘linadi, organizm esa uyg‘oqlik va uyqu orasida qolib ketadi.

Shu bois qo‘shimcha dam olish o‘rniga bir qator mikrouyg‘onishlar yuz beradi. Garchi yotoqda o‘tkazilgan vaqt 10–15, hatto 30 daqiqaga uzaygandek tuyulsa ham, bunday uyquning sifati juda past bo‘ladi. Buni telefonni har ikki daqiqada rozetkadan uzib-ulangandek quvvatlashga qiyoslash mumkin.

Natijada to‘liq uyg‘ongandan keyin "uyqu inersiyasi", ya’ni boshi g‘ovlaganlik holati kuzatiladi. Miya odatdagi ish rejimiga qaytishi uchun ko‘proq vaqt talab etiladi: diqqatni jamlash qiyinlashadi, jahldorlik kuchayadi va ishni boshlash odatdagidan mushkulroq kechadi.

Asl muammo bir necha daqiqa kamroq uxlaganingizda emas, balki uyg‘onish jarayonini bir necha bor sun’iy ravishda uzib qo‘yganingizda.

Budilnikni keyinga surish odati ayniqsa quyidagi hollarda zararli:

* Agar siz baribir kam uxlayotgan bo‘lsangiz — bu surunkali uyqusizlikni yanada kuchaytiradi.

* Agar budilnikni ketma-ket bir necha marta keyinga sursangiz va buning oqibatida ertalabki tayyorgarlik vaqtingiz qisqarsa.

* Agar har kuni holdan toygan va ezilgan holda uyg‘onsangiz.

Ba’zi odamlarda budilnikning takroriy signallari "yana uxlab qolaman" degan xavotirni kuchaytirib, tongni yanada og‘irlashtiradi. Agar bu odat juda kamdan-kam takrorlansa va siz qayta chuqur uyquga ketishga ulgurmasangiz, uning salbiy ta’siri unchalik sezilmaydi.

Bu odatdan voz kechish uchun kuchli iroda emas, bir nechta oddiy odat kifoya:

* Budilnikni aynan turishingiz kerak bo‘lgan vaqtga qo‘ying. "15 daqiqa oldin jiringlasin" degan usul aslida uyqu vaqtingizni o‘g‘irlaydi.

* Telefon yoki budilnikni karavotdan uzoqroq joyga qo‘ying, shunda uni o‘chirish uchun o‘rningizdan turishga majbur bo‘lasiz.

* Dam olish kunlari ham bir xil uyqu tartibiga amal qiling.

* Uyqu yetmayotganini sezsangiz, ertaroq yotishga harakat qiling.

* Uyg‘onishni yengillashtirish uchun budilnik ovozining asta-sekin balandlashishi, xonaga tabiiy yorug‘lik tushishi yoki yoningizda bir stakan suv bo‘lishi kabi usullardan foydalaning.

Ko‘pchilik Snooze funksiyasini o‘ziga g‘amxo‘rlik deb hisoblaydi. Aslida esa haqiqiy g‘amxo‘rlik — yana besh daqiqa uxlab olishga urinish emas, balki sifatli uyqu va to‘laqonli, xotirjam uyg‘onishdir.

sog'liquyqusizlikuyqubudilnikuyqu inersiyasiuyqu sikllaritonggi odatlaryaxshi uyqu