Byudjyetga yuklamani kamaytirish uchun avtobus chiptalari narxini oshirish taklif etilmoqda
Jamoat transportida yo‘lovchi oqimi past yo‘nalishlarni optimallashtirish, yo‘lkirani iqtisodiy asoslangan darajaga bosqichma-bosqich yaqinlashtirish va tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larning bir qismini xizmat sifati ko‘rsatkichlariga bog‘lash orqali davlat byudjyetiga tushayotgan transport subsidiyalari yuklamasini kamaytirish mumkin, deb hisoblaydi Moliya vazirligining Fiskal tahlillar instituti.

Byudjetga yukni kamaytirish maqsadida avtobus chiptalari narxini oshirish taklif qilinmoqda.
Moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti davlat byudjeti samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Institutning fikricha, davlat xarajatlarini boshqarish to‘rtta asosiy tamoyilga asoslanishi lozim: doimiy byudjet majburiyatlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, davlat ko‘magini haqiqiy muhtoj qatlamlarga yo‘naltirish, investitsion xarajatlar ulushini oshirish hamda mablag‘larni xarajatning o‘ziga emas, balki ko‘rsatilayotgan xizmat hajmi va sifatiga bog‘lash.
2026-yilda davlat byudjetidan subsidiya va transfertlar uchun 52 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Shundan 28,6 trillion so‘mi issiqlik ta’minoti, ipoteka, transport, nodavlat bog‘chalar, talabalar turar joyi va ta’lim kreditlari kabi yo‘nalishlarga subsidiya sifatida yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan 23 trillion so‘mi Pensiya jamg‘armasiga transfert hisoblanadi. Institutning ta’kidlashicha, asosiy muammo subsidiya hajmida emas, balki uning kimga, qanday mezon asosida va qanday natija uchun berilayotganidadir. Shu bois subsidiyalarni manzilli, shaffof va natijaga bog‘langan tizim asosida taqsimlash taklif qilindi.
**Minimal ish haqi**
Institut 2030-yilgacha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini bosqichma-bosqich median ish haqining 40 foizigacha yetkazishni taklif qildi. Dastlabki bosqichda bu yondashuvni qurilish, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida sinov tariqasida joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, byudjet tashkilotlarida eng kam ish haqini avtomatik hisob-kitob bazasi sifatida qo‘llash amaliyotini qayta ko‘rib chiqish hamda buning uchun alohida hisoblash miqdorini joriy etish taklif etildi. Bundan tashqari, minimal soatbay va kunbay ish haqi stavkalarini belgilash, ayrim mehnat nizolari bilan bog‘liq yuklamalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazish orqali ish beruvchilar tavakkalchiligi kamaytirilishi mumkinligi qayd etildi.
O‘zbekistonda daromad solig‘ini progressiv shkalaga o‘tkazish taklif etildi.
**Transport subsidiyalari**
Institut jamoat transportida ham subsidiya hajmini emas, balki xizmat natijasini moliyalashtirish tamoyiliga o‘tishni taklif qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, brutto-shartnomalar uchun yiliga 1,9 trillion so‘m byudjet mablag‘i sarflanadi. Shundan 1,3 trillion so‘mi Toshkent jamoat transportiga yo‘naltiriladi. Transport xarajatlarining 65,1 foizi subsidiya hisobidan qoplanmoqda. Shu bois yo‘lovchi oqimi past bo‘lgan yo‘nalishlarni optimallashtirish, tariflarni iqtisodiy asoslangan darajaga bosqichma-bosqich yaqinlashtirish hamda tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larning bir qismini xizmat sifati ko‘rsatkichlariga bog‘lash taklif etildi.
**Ta’lim kreditlari**
Institut oliy ta’limni moliyalashtirish tizimini ham qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Qayd etilishicha, ta’lim kreditlari uchun 2 trillion so‘m resurs ajratilgan, 85 ming talaba kredit olmoqda va ularning 84 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Kredit foizlarini qoplash uchun esa yana 830 milliard so‘m sarflanmoqda. Taklifga ko‘ra:
* Ta’lim kreditlari bo‘yicha foizlarni qoplash uchun ajratilayotgan mablag‘larni bosqichma-bosqich kamaytirish;
* Kreditlarni faqatgina haqiqiy muhtoj talabalarga ajratish;
* Kreditlarni qaytarish muddatini uzaytirish va foiz stavkalarini pasaytirish.
Shuningdek, stipendiyalarni manzillashtirish, ularning miqdorini minimal iste’mol xarajatlari darajasigacha oshirish, talabalar turar joyi subsidiyalarini saqlab qolish va haq to‘lanadigan stajirovkalarni kengaytirish taklif qilindi. Magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari uchun ajratilayotgan 125 milliard so‘mlik qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolish ham maqsadga muvofiq ekani bildirildi.
Ijtimoiy normadan ortiq yashash maydoni uchun isitish tarifini 5 karra oshirish taklif etildi.
**Pensiya tizimi**
Ma’ruzada pensiya tizimining moliyaviy barqarorligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 4 milliondan ortiq fuqaro pensiya oladi. 2026-yilda Pensiya jamg‘armasiga 23 trillion so‘m to‘g‘ridan to‘g‘ri, yana 12 trillion so‘m bilvosita byudjet ko‘magi ajratiladi. Biroq jamg‘armaning o‘z daromadlari pensiya xarajatlarini to‘liq qoplay olmayapti.
Institut sug‘urta badallari to‘lanmaydigan ayrim davrlar uchun pensiya xarajatlarini Pensiya jamg‘armasi emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirishni taklif qildi. Shuningdek, rasmiy bandlikni kengaytirish, minimal sug‘urta stajini bosqichma-bosqich 7 yildan 15 yilgacha oshirish hamda pensiyani so‘nggi 20 yillik daromad asosida hisoblash tizimiga o‘tish taklif etildi.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, qo‘shimcha 1 million kishini rasmiy bandlikka jalb qilish davlat byudjetiga yiliga 3 trillion so‘mgacha qo‘shimcha tushum olib kelishi mumkin. Bu mablag‘ evaziga 480 o‘rinli qariyb 100 ta maktab qurish imkoniyati yuzaga keladi.

