Bugun O‘zbekistonda havo harorati 31 darajagacha tushishi mumkin
Farg‘ona vodiysi hamda tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin

O‘zgidrometning xabar berishicha, bugun O‘zbekiston hududida havo harorati 31 darajagacha pasayishi ehtimoli bor. Umumiy olganda, mamlakatda havo biroz bulutli bo‘lib, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutlilik kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Istisno tariqasida, Farg‘ona vodiysining ba’zi hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqdan esayotgan shamolning tezligi 7-12 m/s ni tashkil etadi. Harorat 31-36 daraja atrofida bo‘ladi.
Toshkent shahrida havo kam bulutli bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda uning tezligi 10-12 m/s gacha kuchayishi va chang-to‘zonlar bilan birga kuzatilishi mumkin. Poytaxtda havo harorati 33-35 daraja oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Respublikaning tog‘li hududlarida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Sharqdan esayotgan shamolning tezligi 9-14 m/s ni tashkil etadi. Tog‘larda havo harorati 22-27 daraja bo‘lishi kutilmoqda.

