B+ darajadagi milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga ustama beriladi
2026-2027 o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga har oy lavozim maoshining 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Bu tartib Hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

B+ darajadagi milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga ustama beriladi.
Hukumatning 2026-yil 29-iyuldagi 411-sonli qarori bilan "Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu qarorga ko‘ra, 2026-2027-o‘quv yilidan boshlab, boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi hamda B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilarga sertifikatning amal qilish muddati davomida Davlat byudjeti hisobidan tegishli ta’lim tili bo‘yicha barcha fanlar uchun lavozim maoshiga har oy 15 foiz miqdorida ustama to‘lab boriladi.
Nizomga muvofiq, milliy sertifikat berish bo‘yicha vakolatli organ etib Bilim va malakalarni baholash agentligi belgilandi. Sertifikat olish istagida bo‘lgan talabgorlar my.gov.uz portali orqali elektron ariza topshirishlari mumkin. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Imtihon natijalari xalqaro Rash modeli asosida baholanadi. Unga ko‘ra, 70 balldan yuqori natija qayd etganlarga A+, 65–69,9 ball olganlarga A, 60–64,9 ball olganlarga B+, 55–59,9 ball olganlarga B, 50–54,9 ball olganlarga C+, 46–49,9 ball to‘plaganlarga esa C darajadagi milliy sertifikat beriladi.
Malaka imtihonida talabgorlarning boshlang‘ich sinf fanlari bo‘yicha bilimi, o‘qitish metodikasi va pedagogik mahorati test sinovlari orqali baholanadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga QR-kodli elektron sertifikat bir ish kuni ichida my.gov.uz portali orqali yuboriladi. Shuningdek, natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch kun ichida apellyatsiya shikoyati berish imkoniyati ham yaratilgan.

