Mahalliy

B2 sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taklif etilmoqda

Hukumat qarori loyihasi bilan tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taklif etilmoqda. Loyiha mualliflariga ko‘ra, bu amaldagi qarorning turlicha talqin qilinishiga chek qo‘yishi kerak. Sertifikat talabi ijrosi keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

**B2 sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taklif etilmoqda**

Hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi, unga ko‘ra, xorijiy til o‘qituvchilari uchun talab qilinadigan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish taklif etilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan ushbu hujjat Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qaroriga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi.

Loyihaga muvofiq, qarorning davlat ta’lim muassasalari xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha talablar belgilangan 9-bandi quyidagi norma bilan to‘ldiriladi:

“Talab etiladigan tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi”.

Hozirgi vaqtda mazkur qarorga ko‘ra, davlat ta’lim muassasalariga (davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tashqari) ishga yangi qabul qilinayotgan xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart. Davlat oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun esa kamida C1 darajadagi sertifikat talabi belgilangan. Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalaridagi barcha xorijiy til o‘qituvchilari ham kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Loyihaning tushuntirish xatida qayd etilishicha, amaldagi qarorda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shartligi belgilangan. Biroq ushbu talab bajarilmagan taqdirda qanday huquqiy oqibat yuzaga kelishi aniq ko‘rsatilmagan. Mualliflar fikricha, bu qonunchilikning turlicha talqin qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois, qarorga talab etiladigan sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinishi haqidagi normani kiritish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, sertifikat talabi ijrosi so‘nggi yillarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi qarori bilan, 2024/2025-o‘quv yiligacha maktab, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi kerakligi belgilangandi.

Keyinroq O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ishlayotgan xorijiy til o‘qituvchilaridan kamida B2 darajadagi til sertifikatini talab qilish muddati 2025/2026 o‘quv yiliga qadar uzaytirildi. Ungacha B2 sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinmasligi belgilandi.

2025-yil iyul oxirida Kasaba uyushmasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritib, B2 darajadagi til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatmaslikni so‘ragan edi. Uyushma o‘z murojaatida pedagoglar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmaganligi tufayli bekor qilinishidan norozilik bildirilgan murojaatlar kelib tushayotganini qayd etgandi.

2025-yil sentabrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekistondagi maktablarda xorijiy til o‘qituvchilaridan kamida B2 darajadagi til sertifikatini talab qilish muddati 2026-yilgacha uzaytirildi.

2026-yil boshida Davlat mehnat inspeksiyasi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomalari bekor qilinayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushayotgani uchun munosabat bildirdi. Ularga oylik ish haqi hisoblanmaganligi, ishdan chetlatilganligi, hatto majburiy ravishda ariza yozdirib olingani aytilmoqda. Inspeksiya xorijiy til o‘qituvchilarini B2 sertifikati yo‘qligi uchun ishdan bo‘shatish qonunga zid ekanini ma’lum qildi. Hukumat qarorida B2 daraja talabi belgilangan bo‘lsa-da, bu xodimni ishdan bo‘shatish uchun huquqiy asos bo‘la olmaydi, degandi inspeksiya va bunday holatlar bo‘yicha vazirlikka taqdimnoma kiritgan edi.

Ko‘p o‘tmay, O‘zbekistondagi maktablarda xorijiy til o‘qituvchilaridan kamida B2 darajadagi til sertifikatini talab qilish muddati yangi o‘quv yiliga qadar uzaytirildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2026/2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar imkoniyat berilishini ma’lum qildi.

21-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikati talabi joriy etilgan bo‘lsa-da, hozir ham 8−10 mingga yaqin o‘qituvchida bunday malaka mavjud emasligini aytgandi. “Lekin negadir bugun 8−10 mingga yaqin ustozlarimiz qoldi. O‘quv yili tugashiga qadar bu masala yana ko‘tariladi”, — degandi u.

education policygovernment decreeuzbekistan educationforeign language teachersteacher certificationb2 language requirementemployment terminationlabor law implications