Xorijiy til sertifikati talabi kuchaytirilmoqda
Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, xorijiy tillarni o‘qitish sohasida sertifikat talablari yanada kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda. Tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan mehnat shartnomasini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilish taklif etilgan.

Xorijiy til sertifikatiga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining muhokamaga qo‘yilgan qarori loyihasida ta’lim sohasiga oid bir qator hukumat qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.
Xususan, 2021-yil 19-maydagi "Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 312-sonli qarorga yangi qoida kiritish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, talab qilinadigan tegishli xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Shuningdek, loyihada gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya hamda boshqa uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan "Mehrli maktab"lar faoliyatiga oid bir qator o‘zgartirishlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, muassasaning namunaviy shtatlar jadvalini tasdiqlash, ayrim lavozimlarni qayta belgilash, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash tartibiga aniqlik kiritish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining jamg‘armasi mablag‘larini to‘lash tartibi ham qayta ko‘rib chiqilib, har oylik ustamalar va bir martalik mukofotlarni to‘lash muddatlarini belgilash, shuningdek, "Mehrli maktab"lar faoliyatini tashkil etishga oid ayrim normalarni takomillashtirish rejalashtirilgan.
Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan bo‘lib, qabul qilingan taqdirda mazkur o‘zgartirishlar tegishli hukumat qarorlariga tatbiq etiladi.

