Dunyo

Avstraliya va Slovakiya tarixidagi eng issiq kun kuzatildi

Avstriya va Slovakiya o‘z tarixidagi eng yuqori haroratni boshdan kechirdi.

Deutsche Welle xabariga ko‘ra, 5-avgust kuni Avstriya va Slovakiyada havo harorati rekord darajaga ko‘tarildi. Quyi Avstriya federal yeridagi Bad-Doych-Altenburg shahrida kunduzgi harorat 41,2 darajaga yetdi. Slovakiyaning Vengriya bilan chegaradosh Kamenitsa-nad-Gronom munitsipalitetida esa 41,4 daraja issiq qayd etildi.

Avstriya poytaxti Venada havo harorati 41 darajaga yetib, mamlakat rekordini yangiladi. Bu jazirama va qurg‘oqchilik aholi va tabiatga tobora kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunay va boshqa daryolarda suv sathi sezilarli darajada pasaygan.

Vengriyada Dunaydagi suv sathining keskin pasayishi tufayli “Paks” atom elektr stansiyasi deyarli to‘xtatilgan. Qo‘shni Sloveniyada esa Sava daryosidagi suv tanqisligi sababli “Krshko” AES elektr energiyasi ishlab chiqarishni 80 foizgacha qisqartirgan.

Ruminiya 3-avgust kuni qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan Dunay daryosidan yadro reaktorlarini sovitish uchun zarur bo‘lgan suv oqimini ta’minlash maqsadida qoyani portlatdi. Atom elektr stansiyalarida reaktorlarni sovitish uchun odatda daryo suvidan foydalaniladi.

Avvalroq Janubiy Koreyada havo harorati 42,5 darajagacha ko‘tarilib, ob-havo kuzatuvlari boshlangan 1904-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgandi. Rasmiylar aholini ochiq havodagi barcha faoliyatni “zudlik bilan” to‘xtatishga chaqirgan.

janubiy koreyaissiqlik to‘lqinirekord haroratqurg'oqchilikatom elektr stansiyalariavstriyaslovakiyadaryo suvi sathi