Dunyo

Janubiy Koreyada 122 yillik harorat rekordi o‘rnatildi

Janubiy Koreyada 122 yillik harorat rekordi qayd etildi

Janubiy Koreyada havo harorati 42,5 darajaga ko‘tarilib, 1904-yildan buyon, ya’ni ob-havo kuzatuvlari boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Rasmiylar aholini ochiq havoda amalga oshiriladigan barcha faoliyatni “zudlik bilan” to‘xtatishga chaqirdi. Jazirama issiqdan eng ko‘p Yangsan shahri aziyat chekmoqda, bu yerda ketma-ket beshinchi kun harorat 40 darajadan yuqori bo‘lib turibdi. Tegu va Pusan kabi boshqa yirik shaharlarda ham harorat 30 darajadan oshgan.

Odamlar issiqdan himoyalanish uchun konditsionerli savdo markazlari va kafelarda to‘planmoqda. Seulda esa ko‘pchilik maxsus o‘rnatilgan suv purkagichli salqinlash zonalaridan foydalanmoqda.

Kyongju shahrida 2-avgust kuni harorat 40,3 darajaga yetgan, bu oxirgi sakkiz yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shimoliy Koreya ham jazirama bilan yuzlashmoqda, baʼzi hududlarda harorat 40 darajagacha ko‘tarilgan.

Janubiy Koreyaning 20 dan ortiq hududida anomal issiq haqida favqulodda ogohlantirish eʼlon qilingan. Bunday ogohlantirish kunlik harorat 38-39 darajaga yetishi kutilganda beriladi.

Rasmiylar, shuningdek, Koreya yarim orolidan janubda, Xitoyning janubi-sharqiy qirg‘oqlari tomon harakatlanayotgan va jazirama qancha davom etishini belgilab berishi mumkin bo‘lgan “Delfin” tayfunini ham kuzatmoqda. Agar tayfun Xitoyning sharqiga qarab harakatlansa, namlikni oshirishi va Koreyada issiqlik to‘lqiniga ta’sir etishi mumkin.

iqlim o'zgarishiissiqlik to‘lqinijaziramajanubiy koreyaob-havoharorat rekorditayfunfavqulodda ogohlantirish