AQSH vizasini olish uchun jurnalistlar tarmoqlardagi profillarini ochib qo‘yishi talab etilishi mumkin

AQSH vizasini olishni istagan jurnalistlardan ijtimoiy tarmoqlardagi profillarini ochiq qilish so‘ralishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Donald Tramp ma’muriyati xorijlik jurnalistlar uchun viza talablarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda, bu ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirishni o‘z ichiga olishi mumkin. The Daily Signal nashriga tayanib berilgan xabarga ko‘ra, viza so‘rab murojaat qilgan ayrim toifadagi shaxslar, jumladan, xorijiy jurnalistlardan Instagram, Facebook va X’dagi profillarini ommaviy (ochiq) rejimga o‘tkazish talab etiladi.
Hozircha bu rejalar rasman tasdiqlanmagan. Biroq Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt X tarmog‘ida bu haqda xabar ulashgan, ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlamagan. AQSH Davlat departamenti ham hozircha tafsilotlarni ochiqlamayapti. Tashkilot vakili so‘rovga javoban shunday dedi: “Maqsad — ariza topshiruvchilar AQSH qonunlariga ko‘ra viza olish huquqiga ega ekanini ko‘rsatish hamda hech bir shaxs Qo‘shma Shtatlar xavfsizligiga xavf tug‘dirmasligini ta’minlashdir”.
Qo‘shma Shtatlar vizasining ayrim turlari, masalan, talabalik vizasiga ariza topshiruvchilardan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ko‘rsatish allaqachon talab qilinmoqda. Endi ushbu amaliyot boshqa toifalarga ham tatbiq etilishi mumkin.
Iyul oyida Tramp ma’muriyati xorijlik jurnalistlar va talabalarning mamlakatda bo‘lish muddatini cheklashini ham e’lon qilgan edi. Talabalik vizalari ko‘pi bilan 4 yilga, xorijiy jurnalistlar uchun vizalar esa maksimal 240 kunga (uzaytirish imkoniyati bilan) beriladi.
Tez orada turistlar uchun ham qoidalar kuchaytirilishi mumkin. 2026-yil boshida oshkor qilingan AQSH hukumatining rejalari bo‘yicha, turistlardan ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi haqidagi ma’lumotlarni ochiqlash talab qilinishi kutilmoqda.

