Dunyo

AQSH va Isroil Eronning energetika obyektlariga zarba berishga hozirlik ko‘rmoqda

AQSH va Isroil Eronning energetika infratuzilmasi obyektlariga keng ko‘lamli bombardimon hujumlarini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda CBS News telekanaliga xabardor manbalar ma’lum qildi.

Manbalarga ko‘ra, hujumlar dam olish kunlari boshlanishi mumkin. Isroil bu haqda xabardor qilingan va o‘z harakatlarini AQSH bilan muvofiqlashtirmoqda. Biroq, Donald Tramp hujumlar uchun yakuniy ruxsatni hali bermagan.

Telekanalning qayd etishicha, Tramp "qattiqqo‘l yondashuv" tarafdori bo‘lib, yaqinda Hormuz bo‘g‘ozidagi hujumlarga javoban Eron ko‘priklari va elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan, ammo hali yakuniy buyruqni bermagan.

Harbiy ekspertlarning fikricha, elektr stansiyalari va neftni qayta ishlash zavodlariga beriladigan zarbalar Eronning mamlakatni boshqarish va armiya ehtiyojlarini ta’minlash qobiliyatiga putur yetkazadi.

"Ayni paytda Isroil keng ko‘lamli harbiy harakatlarni qayta boshlash qarori haqida hech narsadan bexabar va Isroilga Eronga qarshi har qanday harbiy harakatlarga qo‘shilish so‘rovi bilan murojaat qilinmagan", degan Isroil rasmiysi CBS News telekanaliga.

Harbiy zarba berish rejasi juma kuni Trampning Kemp Deviddagi qarorgohida ma’muriyat a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilingan. Prezidentning siyosiy masalalar bo‘yicha ayrim yordamchilari bunga qat’iyan qarshi chiqqan.

"Biz ularga juda kuchli zarbalar beramiz. Qachondir ular 'Bunga ortiq chiday olmaymiz', deyishadi", deya jurnalistlarga bayonot bergan Tramp.

"Prezident Tramp Vazirlar mahkamasi a’zolari yig‘ilishida aytganidek, Qo‘shma Shtatlar g‘alaba qozonadi va uning boshqaruvi davrida Eron yadro quroliga ega bo‘lmaydi", dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt telekanalga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell CBS News telekanaliga idora prezident yakuniy qaror qabul qilmaguncha nishonlar yuzasidan izoh bermasligini ma’lum qilgan.

Avvalroq Pokiston razvedkasi AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z harbiylarining ogohlantirishlariga qaramay, Eronga qarshi quruqlikdan cheklangan hujum uyushtirish haqida buyruq berishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

irannational securitymiddle east conflictairstrikestrumpus-israelmilitary actionenergy infrastructure