Zelenskiy «Karpat sakkizligi» tuzilganini eʼlon qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hamkorlikning yangi xalqaro formati - «Karpat sakkizligi» tashkil etilganini eʼlon qildi.

Zelenskiy «Karpat sakkizligi» tashkil etilganini maʼlum qildi
«Biz yangi C8 formatini — bizni va Yevropadagi qoʻshnilarimizni: Ruminiya, Serbiya, Polsha, Slovakiya, Chexiya, Avstriya, Vengriya va, albatta, butun Yevropa Ittifoqini birlashtiradigan Karpat sakkizligini ishga tushirmoqdamiz», dedi u.
Zelenskiyning aytishicha, yangi format Karpat mintaqasidagi davlatlar, hududlar va mahalliy jamoalarni birlashtirishi lozim. C8 ishtirokchilari xavfsizlik, energetika, logistika va transchegaraviy iqtisodiyot yoʻnalishlarida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
«Karpat sakkizligi»ning ilk sammiti 18-sentabr kuni Ukrainaning Ivano-Frankivsk viloyatida boshlandi. Unda Polsha bosh vaziri Donald Tusk, shuningdek, Serbiya va Ruminiya prezidentlari Aleksandr Vuchich va Nikushor Dan qatnashmoqda.
Bir kun avval Ukrainaga tashrif buyurishini bildirgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso sammitga kelmadi.
Shuningdek, sammitda qariyb 550 nafar biznes vakili ishtirok etishi, uning yakunida esa bir milliard yevrolik investitsiya va savdo shartnomalari imzolanishi kutilayotgani haqida Zelenskiy maʼlum qildi.

