Zelenskiy: «Ertagayoq uçraşişga tayyormiz, ammo hammasi Rossiyaga boğliq»
Ukraina, AQŞ va Rossiya muzokara guruhlarining uçraşuvi noyabrning birinçi yarmida ötkazilişi rejalaştirilmoqda. Reuters manbalari ehtimoliy manzil sifatida Abu-Dabi yoki Şveysariyani körsatgan. Volodimir Zelenskiy esa texnik darajadagi muzokaralardan davlat rahbarlari uçraşuviga ötiş zarurligini taʼkidladi.

Zelenskiy: «Ertagayoq uchrashishga tayyormiz, ammo hammasi Rossiyaga bog‘liq»
Reuters agentligi 23-oktabr kuni hukumat doiralaridagi ismi oshkor etilmagan manbalarga tayangan holda xabar berishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish bo‘yicha navbatdagi muzokaralar bir necha hafta ichida bo‘lib o‘tishi mumkin.
Uchrashuvda Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalari ishtirok etishi kutilmoqda. Biroq Kiev va Moskva vakillari bevosita muloqot qiladimi yoki AQSh vositachiligida muzokara olib boradimi — hozircha aniq emas. Vashington vakiliga ko‘ra, ehtimoliy muzokaralardan ko‘zlangan yakuniy maqsad oliy darajadagi uchrashuvni tayyorlashdir.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 23-oktabr kuni AQShdagi Hudson Institute tahlil markazida videomuloqot orqali so‘zga chiqib, muzokara guruhlari darajasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuv borligini bildirdi.
«Noyabrning birinchi yarmida uchrashishni rejalashtiryapmiz. Biz istalgan kuni, hatto ertagayoq uchrashishga tayyormiz. Ammo hammasi rossiyaliklarga bog‘liq», - dedi u.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, asosiy masalalarni faqat davlat rahbarlari hal qila oladi. Shu bois texnik darajadagi uch tomonlama muzokaralardan yetakchilar uchrashuviga o‘tish zarur.
Kreml esa bundan sal oldin muzokaralar noyabrning birinchi yarmida Abu-Dabida o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda urush tugaganidan keyin Rossiya va Ukraina xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilinadi. U Yevropa Ittifoqi vakillari muzokaralarda qatnashmasligini ham aytgan.
Bundan ikki kun avval Vladimir Putin Sankt-Peterburgda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoffni qabul qilgan. Uchrashuvdan so‘ng Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva AQSh va Ukraina bilan uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirgan.
Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalari avval ham Abu-Dabida ikki marta yopiq muzokara o‘tkazgan: birinchi uchrashuv 23–24-yanvar, ikkinchisi 4–5-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan. Ularning hech biri urushni tugatish yo‘lida jiddiy siljishga olib kelmagan.

