Yurak nuqsoni tufayli abort qilishdan bosh tortgan surrogat ona vasiylik boʻyicha kurashni AQSh Oliy sudiga olib chiqdi
U abortlar taqiqlangan Texasga qochib ketdi va endi toʻrt haftalik chaqaloqning vasiyligini talab qilmoqda.

Yurak nuqsoni tufayli abort qilishdan bosh tortgan surrogat ona vasiylik boʻyicha bahsni AQSh Oliy sudiga olib chiqdi
Surrogat ona Makkenna Vest er-xotinning xohishiga qarshi ravishda bolani dunyoga keltirgach, uning vasiyligini olishga harakat qilmoqda.
Oʻzini yollagan ota-onaning homiladorlikni toʻxtatish haqidagi iltimoslarini rad etgan surrogat ona AQSh Oliy sudidan chaqaloqqa kim vasiylik qilishi kerakligi borasidagi nizoga aralashishni soʻradi.
Makkenna Vest Kaliforniyalik er-xotin Omar Ahmed va Naushin Gilkarga ota-onalik huquqini bergan avvalgi qaror ijrosini vaqtincha toʻxtatib turishni soʻrab, sudga shoshilinch apellyatsiya arizasi topshirdi.
Ahmed va Gilkar 20-haftadagi UTT (UZI) tekshiruvi homilada ogʻir yurak nuqsoni borligini koʻrsatganidan keyin Vestdan homiladorlikni toʻxtatishni soʻrashgan edi.
Buning oʻrniga, bir nechta respublikachi rasmiylar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Vest deyarli barcha abortlar taqiqlangan Texas shtatiga borib, bolani dunyoga keltirdi.
Oʻshandan beri Vest oʻtgan oy chap qorincha gipoplaziyasi sindromi — yurakning chap tomoni tanaga yetarli miqdorda qon hayday olmaydigan nuqson bilan tugʻilgan chaqaloqning vasiyligini olishga harakat qilmoqda.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari maʼlumotlariga koʻra, bu holat koʻpincha bir nechta jarrohlik amaliyotini talab qiladi va ular orqali toʻliq davolanmaydi. Bunday nuqson bilan tugʻilgan chaqaloqlar umrbod asoratlarga duch kelishlari mumkin.
Vest ushbu shtatga borganidan soʻng, Texas shtatining respublikachi bosh prokurori Ken Pakston ishga aralashib, bolaning ushbu shtatda tibbiy yordam olishini talab qiluvchi shoshilinch sud qarorini qoʻlga kiritdi. Chaqaloq tugʻilganidan koʻp oʻtmay jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi.
Oliy sudga topshirilgan arizada Vest davolash imkoniyatlari haqida bilib olgach va «bu qimmatbaho chaqaloqni» saqlab qolishni istagani uchun er-xotinning abort qilish haqidagi iltimoslarini rad etganini aytgan.
Vestning taʼkidlashicha, biologik ota-ona bolaga vasiylik qilmasligi kerak, chunki ular hayot uchun xavfli nuqson haqida bilganlaridan keyin bolani abort qilmoqchi boʻlganliklari sababli, oʻgʻil bolaga kerakli tibbiy yordamni koʻrsatmasliklaridan qoʻrqadi.
Associated Press agentligining xabar berishicha, avvalgi sud majlisida Gilkar ular Rumi deb ism qoʻygan chaqaloq «bizning farzandimiz» va «hayotimiz mazmuni» ekanini aytgan. Ularning soʻzlariga koʻra, Vest ularga xabar bermasdan Texasga ketgan va ularning tibbiy maʼlumotlarni olish imkoniyatini cheklab qoʻygan.
Kaliforniya sudi avvalroq Ahmed va Gilkarga ota-onalik huquqini bergan edi, Texas sudi esa Vestning bolaga yaqinlashishini taqiqlovchi ajrim chiqardi.
Oʻtgan oy Kaliforniyalik er-xotinning advokati bolaning ahvoli ogʻir ekanini va unda «ehtimoliy asoratlar kuzatilayotganini» aytdi.
Vestning taʼkidlashicha, Oliy sud aralashuvisiz u bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish imkoniyatidan mahrum boʻladi. Arizada Vestning advokatlari Kaliforniyalik er-xotin bolani xospisga (palliativ yordam markaziga) joylashtirishi mumkinligini taxmin qilishgan.

