Qirg‘izistonda xorijliklarga surrogat onalikdan foydalanish cheklanishi mumkin

Qirg‘izistonda chet el fuqarolarining surrogat onalik xizmatidan foydalanishini cheklash taklifi ilgari surilmoqda. “24.kg” nashrining xabar berishicha, bu boradagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Tashabbus mualliflari “Fuqarolar salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 104-moddasiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqdalar. Ushbu o‘zgartirishga ko‘ra, Qirg‘iziston hududida surrogat onalik shartnomalarini faqat Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari tuzishi mumkin bo‘ladi.
Biroq, qonun loyihasida istisno holati ham ko‘zda tutilgan: xorijlik fuqaro bilan rasmiy nikohda bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi ushbu xizmatdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Hozirgi amaldagi qonunchilikda tibbiy ko‘rsatmalar asosida va notarial tasdiqlangan shartnoma bilan surrogat onalikka ruxsat berilgan bo‘lib, unda chet el fuqarolari uchun bunday taqiq mavjud emas.
Qonun loyihasining tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, bu o‘zgarishlar ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish uchun zarurdir. Shuningdek, xorijliklar tomonidan surrogat onalikdan tijorat maqsadida foydalanishni cheklash ham maqsad qilingan.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekistonda surrogat onalikning huquqiy normalari hali to‘liq ishlab chiqilmagan. Oila kodeksida surrogat onalik orqali tug‘ilgan bolaga nisbatan faqat ota-onalikni aniqlash tartibi belgilangan.
Surrogat onalik — genetik ota, genetik ona va surrogat ona ishtirok etadigan yordamchi reproduktiv texnologiyadir.
Xorijiy tajribaga ko‘ra:
Italiya — taqiqlangan, katta jarima va jazoga sabab bo‘ladi, biroq chet elda ruxsat etilgan bo‘lsa, javobgarlik qo‘llanilmaydi.
Fransiya — noqonuniy, surrogat onalik shartnomasi haqiqiy emas deb topiladi, chet elda tug‘ilgan bolalarga fuqarolik berilmaydi.
Germaniya — jinoyat hisoblanadi, javobgarlikka shifokor tortiladi.
Buyuk Britaniya — faqat altruistik surrogat onalikka ruxsat berilgan, bola biogenetik ota-onaning qonuniy farzandi sifatida tan olinadi.

