Yoqish emas, oʻgʻitlash. Oʻzbekiston fermerlari xazonlarni foydali kompostga aylantirishga chaqirildi

Kuydirish emas, oʻgʻitlash. Oʻzbekiston fermerlariga xazonni foydali kompostga aylantirish tavsiya etildi
Kuz kelishi bilan hovli va bogʻlarda xazon hamda quruq shox-shabbalarni yoqish holatlari tez-tez uchrab turadi. Ammo bunday gulxanlar hududni tozalash oʻrniga havoni ifloslantiradi: tutun bilan birga atmosferaga inson salomatligi uchun xavfli boʻlgan zararli moddalar va mayda zarrachalar chiqadi.
Ekologlar eslatadi: barglardan foyda bilan foydalanish mumkin. Ulardan kompost tayyorlanadi yoki tuproqni mulchalash uchun ishlatiladi. Bu namlikni saqlashga, tuproq tarkibini yaxshilashga va organik moddalarni yana yerga qaytarishga yordam beradi.
Xazonni nega yoqish mumkin emasligi, oʻsimlik qoldiqlari bilan qanday toʻgʻri muomala qilish kerakligi va ular koʻchatlar uchun qanday foydali boʻlishi mumkinligi haqida Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Jamshid Temirov soʻzlab berdi.
Barglarni yoqish nega zararli
Quruq barglar yonganda tarkibida zararli aralashmalar va mayda dispers zarrachalar boʻlgan tutun ajralib chiqadi. Ular atmosferani ifloslantiradi va aholi, ayniqsa, yaqin atrofda yashaydigan insonlar salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu sababli, xazonni gulxan yoqib yoʻq qilinishi kerak boʻlgan chiqindi deb qarab boʻlmaydi.
Oʻsimlik qoldiqlarini nima qilish kerak
Usullardan biri — kompost qilishdir. Buning uchun sogʻlom xazon, oʻtlar va kichik shoxlar mos keladi. Oʻsimlik qoldiqlari maydalanadi, chiqindilardan tozalanadi va nam yashil massa quruq barglar hamda shoxlar bilan navbatma-navbat qatlam qilib joylashtiriladi. Kompostni vaqti-vaqti bilan aralashtirib turish va u juda qurib ketmasligi yoki haddan tashqari nam boʻlib qolmasligini nazorat qilish lozim.
Toʻgʻri parvarish qilinganda, organik massa sekin-asta tuproq tarkibini yaxshilaydigan va unda namlikni saqlashga yordam beradigan oʻgʻitga aylanadi.
Yana bir usul — mulchalash: tuproqni himoya qilish va undagi namlikni saqlab qalish uchun maydalangan oʻsimlik qoldiqlari oʻsimliklar atrofiga solindi.
Shu tariqa, kuzgi xazon tutun manbaiga emas, balki bogʻ uchun yordamga aylanadi. Yoqishdan voz kechish — havo ifloslanishini kamaytirish va tabiiy resurslarni saqlab qalishning oddiy usulidir.

