Mahalliy

FAO bilan aniq ekologik loyihalarga o‘tish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi

FAO bilan aniq ekologik loyihalarga o‘tish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Syuy Dunyuy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida yer va o‘rmonlarni tiklash, suv hamda yer resurslaridan oqilona foydalanish, tuproqni muhofaza qilish, yashil shaharlarni rivojlantirish, cho‘llanishga qarshi kurashish, iqlimni moliyalashtirish va kimyoviy xavfsizlik yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Hozirda O‘zbekistonning FAO bilan hamkorligi umumiy grant mablag‘lari 33 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 10 dan ziyod loyihani o‘z ichiga oladi. Jumladan, xavfli kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarish sohasida qiymati 3,9 million yevrolik FAO–Yevropa Ittifoqi loyihasi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent va Samarqand shaharlari FAOning "Green Cities Network" (Yashil shaharlar) tarmog‘iga qo‘shilgan.

Aziz Abduhakimov siyosiy tashabbuslar va kelishuvlardan aniq muddatlar, moliyalashtirish manbalari hamda o‘lchanadigan natijalarga ega bo‘lgan maqsadli loyihalarga o‘tish zarurligini ta’kidladi. Uchrashuvda "Markaziy Osiyoning yashil qalqoni" tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tashabbus yerlarning degradatsiyasi, cho‘llanish, qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashish uchun mintaqaviy himoya o‘rmonzorlari va yashil to‘siqlar tizimini yaratishga qaratilgan. FAO ko‘magida ustuvor hududlar, ko‘rsatkichlar va moliyalashtirish mexanizmlarini belgilagan holda aniq mintaqaviy loyihani ishlab chiqishga o‘tish taklif etildi.

Shuningdek, "Green University" huzuridagi Cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy ilmiy-tadqiqot institutini rivojlantirish, BMTning 2027–2036 yillarga mo‘ljallangan o‘rmonlarni barpo etish va qayta tiklash o‘n yilligiga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarining o‘zaro bog‘liqligi mintaqaviy dasturini (CAWLN) rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qolaversa, mintaqaviy muvofiqlashtirishni kuchaytirish maqsadida CAWLN Dasturiy ofisini Toshkent shahrida, "Green University" bazasida tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Samarqand shahrini Markaziy Osiyodagi pilot yashil va barqaror shaharga aylantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahallalarda mikroo‘rmonlar va kichik botanika bog‘larini tashkil etish, suvni tejovchi ko‘kalamzorlashtirish, mulchalash hamda boshqa tabiatga asoslangan yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Kelgusida ushbu tajribalarni O‘zbekistonning boshqa shaharlari va mintaqa davlatlariga ham tatbiq etish mumkinligi qayd etildi.

Syuy Dunyuy Xitoyning o‘rmonlarni tiklash, yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish va suv resurslaridan samarali foydalanish borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining qurg‘oqchil hududlarni tiklash borasidagi tajribasi alohida qiziqish uyg‘otishi ta’kidlandi. FAO Bosh direktori, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligi va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashning asosi sifatida tuproq salomatligi va unumdorligini saqlash muhimligini qayd etdi.

Uchrashuv davomida yashil transformatsiya uchun kadrlar tayyorlash, pestitsidlar va kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarish, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda yirik iqlim loyihasini tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Tomonlar xalqaro iqlim moliyalashtirishini, jumladan, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma (GEF) va boshqa moliyaviy mexanizmlar mablag‘larini jalb etish uchun yangi loyihalar portfelini shakllantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Yakunda FAO Bosh direktori Toshkent shahrida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkaziladigan "Eco Expo Central Asia 2027" ko‘rgazmasiga taklif qilindi. Shuningdek, FAOning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda ilg‘or yechimlar hamda qo‘shma loyihalarni namoyish etishi uchun maxsus pavilon tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar yer va o‘rmonlarni tiklash, suv va tuproq resurslaridan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yashil shaharlarni rivojlantirish hamda Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash sohalarida tashabbuslardan aniq loyihalarga tezkor o‘tishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.