Yo‘llarda mobil radarlar mavjudligini maxsus belgilar bilan ko‘rsatmaslikka ruxsat berildi
Hukumat yo‘llarda mobil radarlar mavjudligini belgilar orqali ko‘rsatish talabini bekor qildi. Ushbu talab endi faqat statsionar radarlarga tegishli. O‘zgarishdan maqsad sifatida yo‘l harakati qoidalari buzilishlari sonini kamaytirish ko‘rsatilgan.

Yo‘llarda mobil radarlar borligini maxsus belgilar bilan ko‘rsatish talabi bekor qilindi
Vazirlar Mahkamasining 29-oktabrdagi qarori bilan mobil radarlardan foydalanishda “Radar” yo‘l belgisi bo‘lishi shartligi haqidagi talab bekor qilindi. Bu talab 2025-yil 1-sentabrdan “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida"gi qaror bilan joriy etilgandi.
Endilikda “Radar” belgisi faqat harakat tezligini nazorat qiluvchi statsionar radarlar oldiga o‘rnatilishi lozim.
Yo‘l harakati qoidalari belgi radardan kamida 250 metr va ko‘pi bilan 500 metr masofada joylashishi kerakligi haqidagi norma bilan to‘ldirildi.
O‘zgarishlarning maqsadi sifatida qoidabuzarliklarni foto va videofiksatsiya qilish vositalaridan foydalanishni takomillashtirish orqali YHQ buzilishlari sonini kamaytirish ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu hujjat bilan xavfsizlik kamarini taqmaslik endi tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan kameralar orqali ham qayd etilishi belgilangan.
Bundan tashqari, YPX inspektorlari chorrahagacha 50 metr va qayrilib olishgacha 20 metr masofada yaxlit chiziqni bosishni endilikda YHQ buzilishi sifatida qayd etmasligi kerak.

