Yilning eng serdaromad tennischilari e’lon qilindi — Forbes

Forbes jurnali yilning eng ko‘p daromad olgan tennischilari ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, besh karra "Katta dubulg‘a" chempioni va dunyoning birinchi raqamli tennischisi, italiyalik Yannik Sinner 58 million dollar bilan birinchi o‘rinni egalladi. Bu summaning 23 million dollari turnirlardagi mukofot pullaridan iborat.
Kuchli uchlikdan ispaniyalik Karlos Alkaras 53,7 million dollar (shundan 15,7 million dollari mukofot puli) va amerikalik Serena Uilyams 40,1 million dollar (0,1 million dollari mukofot puli) bilan joy oldi.
Forbes talqiniga ko‘ra, 2026-yilning eng ko‘p daromad olgan 10 nafar tennischisi quyidagilar:
1. Yannik Sinner (Italiya) — 58 mln dollar (23 mln dollar — musobaqa mukofot pullari);
2. Karlos Alkaras (Ispaniya) — 53,7 mln dollar (15,7 mln dollar);
3. Serena Uilyams (AQSH) — 40,1 mln dollar (0,1 mln dollar);
4. Arina Sabalenka (Belarus) — 36,1 mln dollar (13,1 mln dollar);
5. Kori Goff (AQSH) — 35,5 mln dollar (7,5 mln dollar);
6. Novak Jokovich (Serbiya) — 30,2 mln dollar (5,2 mln dollar);
7. Chjen Sinven (Xitoy) — 22,6 mln dollar (0,6 mln dollar);
8. Iga Shvyontek (Polsha) — 20,5 mln dollar (5,5 mln dollar);
9. Aleksandr Zverev (Germaniya) — 18,7 mln dollar (13,7 mln dollar);
10. Yelena Ribakina (Qozog‘iston) — 17,4 mln dollar (11,4 mln dollar).
Qayd etish joizki, Karlos Alkaras jarohati tufayli mavsumning katta qismini, jumladan, "Rolan Garros" va "Uimbldon" turnirlarini o‘tkazib yuborgan edi.
Serena Uilyamsning professional tennisga qaytishi natijasida tennis tarixida ilk bor eng ko‘p daromad olgan 10 nafar tennischi orasida ayollar soni erkaklardan ko‘proq bo‘ldi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli o‘ntalik vakillari so‘nggi bir yil ichida jami 333 million dollar ishlab topgan.
23 yoshli Alkaras so‘nggi 12 oyda reklama shartnomalari, turli tadbirlardagi ishtiroki, ko‘rgazmali uchrashuvlar va boshqa tijoriy faoliyati orqali taxminan 38 million dollar daromad olgan. Sinnerning kortdan tashqaridagi daromadi esa 35 million dollarga baholangan.
Biroq turnirlardagi mukofot pullari ham qo‘shib hisoblanganda, Sinner yetakchilikni qo‘lga kiritdi. 2025-yilgi AQSH Ochiq chempionatidan buyon italiyalik tennischi jami 58 million dollar ishlab topgan. Bu Alkarasning 53,7 million dollarlik ko‘rsatkichidan qariyb 3,5 million dollarga ko‘pdir.
ATP reytingida dunyoning birinchi raqamli tennischisi bo‘lib turgan Sinner Forbes’ning yillik daromadlar reytingida 19 yil ichida birinchi o‘rinni egallagan to‘rtinchi tennischiga aylandi. U ketma-ket ikki yil ushbu reytingda yetakchilik qilgan Alkarasni ortda qoldirdi.
Ungacha Novak Jokovich 2023-yilda reytingda birinchi bo‘lgan, Rojer Federer esa 15 yil davomida ketma-ket yetakchilik qilgan. Shveysariyalik tennischi 2022-yilda faoliyatini yakunlagan.
Sinnerning kortdagi 23 million dollarlik daromadi Forbes reytingi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Ushbu summa ATP turnirlaridagi mukofot pullari hamda tur tomonidan berilgan bonuslarni o‘z ichiga oladi.
Bu natija ayniqsa e’tiborga molik, chunki Sinner Uimbldon oldidan bir oy tanaffus qilgan va keyinchalik tizzasidagi jarohat sabab kortga chiqa olmagan.

