Tennis musobaqasining mukofot jamg‘armasi ilk bor 100 mln dollardan oshadi
AQSh Ochiq chempionatining yakkalik bahslari g‘oliblari 5,5 mln, finalchilar 2,8 mln dollarni qo‘lga kiritishadi.

Tennis turnirining sovrin jamg‘armasi birinchi marta 100 million dollardan oshib ketadi.
Bu yilgi AQSh Ochiq chempionatining (US Open) umumiy mukofot jamg‘armasi 108 million dollarni tashkil etadi. Bu haqda musobaqa tashkilotchilari xabar berdi.
Yakkalik bahslarida g‘olib chiqqan sportchilar 5,5 million dollar, finalga chiqqanlar esa 2,8 million dollar miqdorida pul mukofotiga ega bo‘lishadi.
Juftlik va aralash juftlik bahslarida chempion bo‘lganlarga 1 million dollardan, hal qiluvchi o‘yinlarda ishtirok etganlarga esa 500 ming dollardan beriladi.
Turnir 23-avgustdan 13-sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi.
Avvalgi rekord 90 million dollar bo‘lib, u o‘tgan yilgi musobaqalarda qayd etilgan edi.
O‘tgan yilgi turnirda belaruslik Arina Sobolenko va ispaniyalik Karlos Alkaras g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan.

