Dunyoning birinchi raqamli tennischisi yilning eng muhim turnirini o‘tkazib yuboradi

Dunyoning birinchi raqamli tennischisi Yannik Sinner o‘ng tizzasidagi jarohati tufayli yilning so‘nggi “Katta Dubulg‘a” musobaqasi – US Open turnirida ishtirok eta olmaydi. Bu haqda sportchi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Sinnerning so‘zlariga ko‘ra, u jamoasi va tibbiy xodimlar bilan birgalikda tiklanish uchun ko‘p harakat qilgan. Biroq Monte-Karlodagi mashg‘ulotlardan so‘ng tizzasi to‘liq tiklanmagan va shu sababli musobaqada qatnashmaslikka qaror qilgan.
“Jamoam va tibbiy shtabim bilan birga tiklanish uchun ko‘p mehnat qildik. Ammo bu yilgi US Open’da ishtirok eta olmayman. So‘nggi kunlarda Monte-Karloda mashg‘ulotlarni davom ettirdik. Ammo o‘ng tizzam hali to‘liq tiklanmadi va buning uchun menga yana vaqt kerakligini aytishdi”, deya yozdi Sinner.
Shuningdek, dunyoning birinchi raqamli tennischisi bu qarordan ranjiganini ta’kidladi: “Bu qarordan juda xafa bo‘ldim. Nyu-York men uchun alohida ahamiyatga ega. U yerga qaytib, muxlislar qarshisida kortga chiqishni juda kutgandim”.
25 yoshli tennischi iyul oyida “Uimbldon” finalida Aleksandr Zverevni mag‘lub etib, faoliyatidagi beshinchi “Katta dubulg‘a” turniri chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Shundan so‘ng u jarohati sabab Monreal va Sinsinnati turnirlarida ham ishtirok eta olmadi.
Yannik Sinner 2019-yilgi US Open turniridagi debyutidan buyon ilk bor “Katta dubulg‘a” turnirini o‘tkazib yubormoqda.
Yannik Sinnerning asosiy raqibi, dunyoning ikkinchi raqamli tennischisi Karlos Alkaras esa o‘ng bilagidagi jarohat sabab aprel oyidan buyon kortga chiqmagan bo‘lsa-da, AQSHdagi “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnirda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan. Ispaniyalik sportchi “Uimbldon” hamda “Rolan Garros” musobaqalarini o‘tkazib yuborgan edi.
Ma’lumot uchun, Sinner 2026-yilda 44 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyat qayd etib, oltita turnirda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, italiyalik tennischi “Katta dubulg‘a” turnirlarida besh bor zafar quchgan. U Australian Open musobaqasida ikki marta (2024, 2025), US Open turnirida bir marta (2024) va “Uimbldon”da bir marta (2025, 2026) bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Sinner Italiya terma jamoasi bilan 2023 va 2024-yillarda Devis Kubogi g‘olibiga aylangan.
Ma’lumot uchun, US Open mavsumdagi toʻrtinchi “Katta dubulgʻa” turniri hisoblanadi. Musobaqa 23-avgustdan 13-sentyabrgacha AQSHning Nyu-York shahrida boʻlib oʻtadi. Amaldagi chempion ispaniyalik Karlos Alkaras hisoblanadi va u 2025-yilgi finalda Yannik Sinnerni 6:2, 3:6, 6:1, 6:4 hisobida mag‘lub etgan.

