Dunyo

Yevropada Rossiyaga eksport boʻyicha yangi tergov boshlandi

Germaniya va Avstriyada Rossiyaga Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab 53 ta yengil avtomobil va oltita tyagach yetkazib berganlikda gumonlanayotgan ikki tadbirkorda tintuvlar oʻtkazildi. Sud ularning taxminan 7 million yevrolik mol-mulkini xatlashga ruxsat bergan.

Yevropada Rossiyaga eksport yuzasidan yangi tergov boshlandi

DW xabariga ko‘ra, Kayzerslautern prokuraturasi bu haqda 29-sentabr kuni ma’lum qilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, gumonlanuvchilar 2022-yil kuzidan 2024-yil oxirigacha Rossiyaga 53 ta yengil avtomobil va yarim tirkamalarni tortishga mo‘ljallangan oltita tyagach eksport qilgan. Yetkazib berishlarni yashirish uchun uchinchi mamlakatlar, jumladan, Belarus, Qirg‘iziston va Gurjistondan foydalanilgani aytilmoqda.

Tintuvlar 8-sentabr kuni Germaniyaning Reynland-Pfals yeridagi Noyshtadt-an-der-Vaynshtrasse shahri hamda Avstriya poytaxti Venada tadbirkorlarning turar joylari va tijorat binolarida o‘tkazilgan. Amaliyotda Germaniya, Avstriya va Belgiya huquq-tartibot organlari ishtirok etgan.

Prokuratura iltimosnomasi asosida Kayzerslautern sudi gumonlanuvchilarning taxminan 7 million yevrolik mol-mulkini xatlashga ruxsat bergan. Bu summa noqonuniy eksportdan olingani taxmin qilinayotgan daromadga teng.

Germaniyadagi tintuvlarda Porsche va Mercedes-Benz rusumli ikkita avtomobil, Avstriyada esa 85 ming yevro naqd pul olib qo‘yilgan. Germaniya, Avstriya va Belgiyadagi bank hisoblarida yana 278 ming yevro bloklangan.

Bundan tashqari, Noyshtadtdagi tadbirkorning binosidan uchta ov miltig‘i va o‘q-dorilar topilgan. Shu sababli unga nisbatan qurol to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik ehtimoli yuzasidan ham tergov boshlangan.

Prokuraturaga ko‘ra, har ikki gumonlanuvchi hozircha sukut saqlash huquqidan foydalangan. Tergov davom etmoqda.

DW eslatishicha, mart oyida Vyursburg sudi bavariyalik avtodilerni sanksiyalarni buzib, Rossiyaga 111 ta lyuks toifadagi avtomobil yetkazib bergani uchun olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu mashinalar Rossiya Federal xavfsizlik xizmati, Federal qo‘riqlash xizmati, «Rosneft» kompaniyasi va prezident ma’muriyati xodimlariga yetkazilgan.

2025-yil iyulida esa Gessendagi avtosalon xodimi Rossiyaga sanksiyalarni chetlab 71 ta lyuks avtomobil sotgani uchun besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

2025-yil mayida Germaniya prokurorlari qimmatbaho avtomobillarni Rossiyaga yetkazish bilan bog‘liq 40 dan ortiq ishni tergov qilayotgani xabar qilingan. Biroq ekspertlar yashirin yetkazib berishlarning faqat kichik qismiga chek qo‘yilayotganini ta’kidlagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.