Dunyo

“Yevropa Ukrainani yaxshi koʻrgani uchun qoʻllayotgani yoʻq” - siyosatshunos

Yevropaning tafakkuri shunday: agar bugun Ukraina qulasa va Rossiyaning taʼsiriga oʻtsa, domino effekti boshlanadi: Rossiyada imperiyachilik kayfiyati oshadi, postsovet hududi, xususan Markaziy Osiyo va Boltiqboʻyida provokatsiyalar koʻpayadi, oxir-oqibat Yevropa Ittifoqiga jiddiy oqibatlar yaratadi. Shu sabab Trampning pozitsiyasiga qaramay, Yevropaning Ukrainaga qoʻllovi barqaror qolmoqda, deydi Kamoliddin Rabbimov.

“Yevropa Ukrainani yaxshi koʻrgani uchun qoʻllayotgani yoʻq” - siyosatshunos

- AQSH bosimlari fonida Yevropa Ittifoqi qancha vaqt Ukrainani qoʻllay oladi?

Donald Tramp hokimiyatga kelgach, AQSHning Ukrainaga berib kelgan katta hajmdagi begʻaraz yordami amalda deyarli toʻxtadi. Hozir AQSH asosan razvedka maʼlumotlarini yetkazmoqda, ammo bu yordam ham vaqti-vaqti bilan uzilib qolmoqda. Ukraina harbiylarining muvofiqlashuvida muhim oʻrin tutadigan Starlink xizmatida ham uzilishlar kuzatilmoqda. Bundan tashqari, YEI AQSHdan sotib olinib, Ukrainaga topshirilishi kerak boʻlgan qurol-aslahalar uchun pul toʻlaganiga qaramay, soʻnggi paytlarda AQSH bu jarayonni choʻzib yubormoqda.

Bu masalada ikkita muhim jihat bor. Birinchisi — AQSHdan xarid qilingan va Ukrainaga berilishi lozim boʻlgan qurol-aslahalar. Ikkinchisi esa Yevropa davlatlari avvalroq AQSHdan olgan strategik qurollar. Masalan, Patriot havo mudofaa tizimlari va uzoq masofaga uchuvchi raketalar. Bunday qurollarni boshqa davlatga topshirish uchun AQSH roziligi zarur, buning uchun Pentagon tegishli ruxsatlarni berishi kerak. Hozir bu jarayon ham toʻxtab qolgan.

YEI Ukrainani shunchaki yaxshi koʻrgani uchun qoʻllab-quvvatlamayapti. Bu, birinchi navbatda, strategik manfaatlar bilan bogʻliq. Yevropa rahbarlari Ukrainani Rossiya bosqiniga qarshi turayotgan va Rossiyaning harbiy salohiyatini zaiflashtirayotgan muhim toʻsiq deb biladi. Ularning fikricha, agar Ukraina yiqilib, Rossiya taʼsiri ostiga tushsa, domino effekti yuzaga keladi. Yaʼni bir davlatning qulashi boshqalarga ham bosimni kuchaytiradi. Rossiyaning imperiyachilik siyosati yanada faollashadi, postsovet hududida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham vaziyatga taʼsir qiladi, Boltiqboʻyi davlatlariga qarshi provokatsiyalar kuchayadi va oxir-oqibat YEI hamda NATO uchun jiddiy xavflar paydo boʻladi.

Shu bois Yevropa Ukrainaga yordam berishni oʻz xavfsizligini himoya qilishning bir qismi deb hisoblaydi. Maqsad — Rossiyani tiyib turish va uning harbiy imkoniyatlarini zaiflashtirish uchun Ukrainaga yordam berish. Bu yondashuv idealistik emas, balki strategik hisob-kitobga yaqinroq.

Bundan tashqari, Yevropa siyosiy elitalari Vladimir Putinning vaʼdalariga ishonmaydi. Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Olland va Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel kabi yetakchilar oʻz vaqtida Putin bilan muzokaralar olib borgan. Yevropa siyosatchilarining tajribasi shuni koʻrsatadiki, Putin muzokaralarda ijobiy vaʼdalar berishi, keyin esa ularga zid harakat qilishi mumkin. Shu sabab Gʻarbda Rossiyaning maqsadi faqat Ukraina bilan cheklanmaydi, degan qarash mavjud.

Bu qarashga koʻra, Moskva Yevropa Ittifoqini zaiflashtirish, NATOni parchalash, AQSH va Yevropa oʻrtasidagi transatlantik aloqalarga putur yetkazishdan manfaatdor. Rossiyalik siyosiy faylasuf Aleksandr Duginning Gʻarbga qarshi qarashlari ham bu munozaralarda tez-tez tilga olinadi. U Gʻarbning mavjud siyosiy tartibini tubdan oʻzgartirish gʻoyasini ilgari surib keladi.

Demak, gap faqat Ukraina taqdiri haqida emas. Bu — xalqaro tartib qanday shakllanishi, Yevropaning kelajakdagi xavfsizligi va AQSH bilan Yevropa oʻrtasidagi munosabatlar qanday rivojlanishi haqidagi kengroq kurashdir.

Tramp bu xavflarni qay darajada anglayotgani yoki ularni qanday strategiya asosida baholayotgani alohida masala. Ammo Yevropa yetakchilari Rossiyani Ukrainada toʻxtatish oʻz xavfsizligi uchun muhim, deb hisoblaydi. Shu sabab ular Ukrainaga imkon qadar uzoq muddat yordam berishga intiladi.

Yevropa Ukrainaga yordam berishda davom etadi. Bu yordamning ikki asosiy yoʻnalishi bor: moliyaviy va harbiy. Moliyaviy jihatdan Yevropa Ittifoqi 2027-yil oxirigacha Ukraina uchun 90 milliard yevro ajratishni rejalashtirgan. Ushbu mablagʻning 60 milliard yevrosi mudofaa ehtiyojlariga, 30 milliard yevrosi esa byudjet va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Biroq bu yukni barcha Yevropa davlatlari birdek koʻtarmaydi, asosiy masʼuliyat bir nechta davlatlar zimmasiga tushadi. Vengriya va Slovakiya kabi mamlakatlarning esa bu boradagi ishtiroki cheklangan.

Rossiyaning hozirgi harbiy imkoniyatlarini ham inobatga olish kerak. Hozircha Rossiya butun Ukrainaga qarshi yangi keng koʻlamli hujum boshlash yoki Odessa va Nikolayev kabi shaharlarni egallash uchun yetarli imkoniyatga egami, degan savol ochiq qolmoqda. Ehtimol, kelajakda bunday urinishlar boʻlishi mumkin, ammo buning uchun Rossiya avvalo harbiy salohiyatini tiklashi va mustahkamlashi kerak boʻladi. Shunga qaramay, Yevropa davlatlari Rossiya yaqin kelajakda hujum qilmasligiga tayanib, xotirjam boʻlib oʻtirishni istamayapti. Ular mudofaa salohiyatini kuchaytirmoqda, chegaralar xavfsizligiga koʻproq eʼtibor qaratmoqda va qurolli kuchlarini mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, Ukrainaga harbiy yordam berishni ham davom ettirishga intilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.