Yevropa Tramp maʼmuriyatining Rossiya aktivlari boʻyicha taklifini rad etdi
Tramp maʼmuriyati Ukraina boʻyicha toʻxtab qolgan tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlarining bir qismiga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilishni taklif etgan. Financial Times manbalariga koʻra, Yevropa davlatlari bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlamagan.

Yevropa Tramp maʼmuriyatining Rossiya aktivlari haqidagi taklifini qabul qilmadi. DW nashri Financial Times’ga tayanib yozishicha, bu reja AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner tomonidan Mayamida Ukraina hamda Yevropa davlatlari vakillari bilan yaqinda oʻtkazilgan uchrashuvda ilgari surilgan.
Taklif Rossiyaning muzlatilgan aktivlarining bir qismini Vashington nazoratidagi maxsus moliyaviy tuzilmaga oʻtkazishni koʻzlagan.
Gazeta suhbatdoshlariga koʻra, Yevropa vakillari aktivlar ustidan nazoratni AQShga topshirishga ham, muzlatilgan mablagʻlarning bir qismini Rossiyaga qaytarishga ham qarshi chiqqan.
Uitkoff va Kushnerning tashabbusi Ukraina rasmiylari hamda yevropalik diplomatlarda Vashingtonning Rossiyaga bosim oʻtkazishga doir yondashuvi yuzasidan xavotir uygʻotgan.
FT maʼlumotiga koʻra, 2022-yil fevralida Gʻarb davlatlari Rossiyaning qariyb 260 milliard yevrolik davlat aktivlarini muzlatgan. Ularning katta qismi Yevropa Ittifoqida saqlanmoqda.
YEI hozircha bu aktivlarning oʻzini Ukrainaga bermagan. Kiyevga moliyaviy yordam koʻrsatish uchun ulardan olinayotgan daromadlardan foydalanilmoqda.
Jumladan, Ukraina «Katta yettilik» mamlakatlaridan muzlatilgan aktivlarning foiz daromadlari bilan taʼminlangan 45 milliard yevrolik kredit olgan.
Nashr yozishicha, YEI rahbarlari Rossiya urush tugaganidan keyin reparatsiya toʻlamasa, ushbu aktivlardan Ukrainani tiklashni moliyalashtirish uchun foydalanishga vaʼda bergan.
FT manbalari Rossiya aktivlarini muzlatishdan chiqarish uchun YeIning barcha aʼzo davlatlari bir ovozdan rozilik berishi kerakligini taʼkidlagan. Bu esa AQSH vakillari taklifini amalga oshirishni qiyinlashtiradi.

