Dunyo

Yevropa taqdirini hal qilgan jang: Usmonli qo‘shinlari Vena ostonasida qanday to‘xtatilgan edi?

**Yevropa taqdirini hal qilgan jang: Usmonli qo‘shinlari Vena ostonasida qanday to‘xtatilgan edi?**

Vena — Yevropaning markazida joylashgan shahar. Dunay bo‘yida qad ko‘targan bu maskan asrlar davomida Markaziy Yevropaning eng muhim siyosiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Biroq Vena tarixda faqat imperatorlar va saroylar shahri sifatida emas, balki Yevropa taqdirini belgilagan janglardan biri bilan ham muhrlangan.

Qariyb uch yarim asr avval, 1683-yilda Usmonli qo‘shini Vena devorlari ostiga yetib kelgan edi. Shahar qamal qilindi. Agar Vena qo‘lga kiritilganida, Usmonli imperiyasining Markaziy Yevropadagi yurishi yanada chuqurlashishi mumkin edi. Ammo shahar taslim bo‘lmadi. Vena ostonasidagi jangda Usmonli qo‘shini mag‘lubiyatga uchradi.

Bu to‘qnashuv keyinchalik Usmonli imperiyasining Yevropadagi kengayishida muhim burilish nuqtasiga aylandi. Ammo Vena devorlari ostida aslida nima yuz bergan edi? Usmonli qo‘shini nega yengildi va bir necha oy davom etgan qamal qanday qilib Yevropa tarixidagi eng muhim janglardan biriga aylandi? Quyida shu haqda so‘z boradi.

### Avstriya va Usmonli raqobati

Ziddiyat ildizlari tarixga borib taqaladi. Usmonli imperiyasi XVI asrga kelib uch qit’a — Yevropa, Osiyo va Afrikada hukmronlik qiluvchi jahon imperiyasiga aylangan edi. 1529-yilda sulton Sulaymon Qonuniy (1520–1566) qo‘shinlari Venani ilk bor qamal qilgan, biroq noqulay ob-havo va mardona qarshilik sabab shaharni egallay olmagandi.

Oradan bir yarim asr o‘tib, Usmonli bayroqlari yana Vena devorlari qarshisida hilpiray boshladi. Ammo bu safar vaziyat butunlay boshqacha edi. XVII asrning ikkinchi yarmida Gabsburglar va Usmonlilar o‘rtasidagi raqobat markazida Vengriya yerlari turardi.

Toj-taxt ketidan chiqqan ziddiyatlar va diniy tazyiqlar sabab Gabsburglarga qarshi venger aristokratiyasi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Qo‘zg‘olonchilar yetakchisi graf Imre Tyokyoli Avstriya zulmidan qutulish uchun Usmonli imperiyasidan harbiy yordam so‘radi. Aynan shu omil Usmonlilarning Markaziy Yevropaga yirik yurish boshlashiga bahona bo‘ldi.

### Usmonlilar yana Vena ostonasida

Sulton Mehmed IV (1648–1687) Avstriyaga qarshi yurish uchun imperiyaning bor harbiy salohiyatini safarbar etdi. Bosh qo‘mondon etib buyuk vazir Merzifonlu Qora Mustafo posho tayinlandi.

Turli manbalarga ko‘ra, umumiy qo‘shin soni 150-175 ming kishigacha yetgan. Uning tarkibida yanicharlar, Qrim xoni Murod Girayning tatar otliqlari hamda imperiyaga to‘liq bo‘ysunuvchi hududlardan yig‘ilgan qo‘shinlar bor edi.

Qora Mustafoning dastlabki rejasi Avstriyaning Dyor qal’asini egallash va Vengriyada Usmonlilar mavqeyini mustahkamlash edi. Biroq Avstriya armiyasining chekinayotganini ko‘rib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan vazir to‘g‘ridan to‘g‘ri imperiya poytaxti — Venaga yurish qilishga qaror qildi.

1683-yil iyulida Usmonli kuchlari Vena ostonasiga yetib keldi. Vahimaga tushgan imperator Leopold I saroy a’zolari bilan poytaxtni tashlab qochdi. 14-iyulda Qora Mustafo shaharni rasman qurshovga oldi va qamaldagilarga maktub yo‘llab, ularni taslim bo‘lishga chaqirdi.

“Bizning maqsadimiz — bu shaharni egallash... Agar jangsiz topshirsangiz, Allohning irodasi bilan hech kimga zarracha zarar yetkazilmaydi, barchangiz xavfsiz va tinchlikda yashaysiz...”

Shahar himoyachilari bu taklifni rad etdi. Shundan so‘ng turklar shiddatli qamalni boshladi. Og‘ir to‘plardan o‘q uzildi, shahar devorlari ostidan minalashtirilgan tunnellar qazildi. Vena garnizoni poytaxtni qahramonona himoya qildi, ammo oziq-ovqat tugashi va kasalliklar tarqalishi sabab shahar halokat yoqasiga kelib qoldi. Biroq ikki oylik og‘ir qamal Usmonli armiyasining ham madorini quritdi.

### Vena uchun birlashgan Yevropa va Yan Sobeskiy

Venani 11 ming kishilik garnizon va 5 ming nafar ko‘ngilli bilan graf Ernst Ryudiger fon Shtaremberg himoya qilayotgan edi. Avstriya bosh qo‘mondoni gersog Karl Lotaringiyalik asosiy kuchlarni saqlab qolish uchun Dunay ortiga chekinib, ittifoqchilar yordamini kutishga majbur bo‘ldi.

Qiyin ahvolda qolgan Avstriya elchilari Polsha—Litva Hamdo‘stligi (Rzeczpospolita) qiroli Yan III Sobeskiyga murojaat qilishdi. Sobeskiy ilgari ham turklarni mag‘lub etgani uchun Yevropada yuksak obro‘ga ega edi. U darhol 26 ming kishilik tanlangan armiyani to‘plab, yordamga oshiqdi.

Sileziya va Moraviya orqali kelgan polyaklar Karl Lotaringiyalik va nemis knyazliklarining (Bavariya, Saksoniya) qo‘shinlari bilan birlashdi. Birlashgan ko‘ngillilar armiyasi soni 74 ming kishiga yetdi.

Qo‘shin tarkibi quyidagicha edi:

— og‘ir qurollangan gusarlardan iborat 25 ta rota;

— 77 ta pansirli otliq rota;

— 31 ta yengil otliq rota; piyoda askarlar; dragunlar;

— 28 ta to‘p bilan 250 nafar artilleriyachi;

— taxminan 150 nafar zaporojye kazagi.

Jami 26 mingga yaqin askar to‘plandi. Yo‘lda yana qariyb 10 ming kishilik Litva qo‘shini ham kelayotgan edi.

Rejaga ko‘ra, imperiya qo‘shinlari Dunay bo‘ylab harakatlanishi, polyaklar esa Vena o‘rmonlari orqali aylanib o‘tib, kutilmaganda tepaliklardan turk lageriga zarba berishi kerak edi.

Ittifoqchilarning bu yirik operatsiyasiga Qrim tatarlari to‘siq bo‘lishi mumkin edi. Buyuk vazir Qora Mustafo Posho ularga Dunaydagi strategik kechuvlarni qattiq nazorat qilishni va dushman o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyurgan edi.

Biroq siyosiy adovat va ichki ziddiyatlar o‘z so‘zini aytdi: Qrim xoni Murod Giray Usmonli vaziri bilan shaxsiy adovatda bo‘lgani sababli ushbu buyruqqa sovuqqonlik bilan qaradi. Oqibatda xon dushman qo‘shinlarining Dunay daryosida ko‘prik qurishi va hech qanday qarshiliksiz narigi qirg‘oqqa o‘tib olishiga ko‘z yumdi. Bu strategik xato Yevropa ittifoqchilariga ulkan ustunlik berdi.

Yordam yaqinlashayotgani haqidagi umid Vena himoyachilarining ruhiyatini ko‘tardi va ular qarshilikni davom ettirdi. Yordam esa allaqachon yaqin edi. 11-sentyabr kuni polyak va imperiya qo‘shinlari Venaga yaqinlashib, shahar yaqinidagi Kalenberg va Leopoldzberg balandliklarini egalladi. Ittifoqchilar ko‘z o‘ngida turk lageridagi son-sanoqsiz chodirlar namoyon bo‘ldi.

### Hal qiluvchi kun

1683-yil 12-sentyabr tongida Yevropa taqdirini hal qiluvchi muhoraba boshlandi. Biroq jangga tayyorgarlik ko‘rishda buyuk vazir Qora Mustafo Posho o‘zining eng jiddiy va strategik xatosiga yo‘l qo‘ydi.

U Vena tez orada taslim bo‘ladi degan qat’iy ishonchda edi. Shu sababli, qamalni to‘xtatmaslik va shaharni egallash umidida eng jangovar kuchlarini — 10 mingdan ortiq sara yanicharlarni Vena atrofidagi xandaqlarda qoldirdi. Oqibatda ochiq maydonda ittifoqchilar hujumini qaytarish uchun Usmonli armiyasining eng tajribali va intizomli qismi yetishmadi.

Uzoq davom etgan qamal, holdan toydiruvchi mehnat va yuqumli kasalliklar Usmonli saflarini sezilarli darajada siyraklashtirgan edi. Jang kuni maydondagi turk armiyasining soni 55–60 ming kishidan oshmasdi (yana 10 mingga yaqin kasal va yaradorlar lagerda qolgan edi). Ularga qarshi esa harbiylashgan va ruhiy jihatdan ustun bo‘lgan 74 ming kishilik Yevropa ittifoqchi kuchlari saf tortdi.

1683-yil 12-sentyabr tongida ular jangovar safda tizildi. Markazda gersog Lotaringiyalik qo‘mondonligidagi imperiya qo‘shinlari turar, ularni polshalik gusarlarning bir necha rotasi kuchaytirgan edi. O‘ng qanotda getman Stanislav Yablonovskiy boshchiligidagi polyaklar joylashdi. Chap qanotda bavariyaliklar va saksonlar turardi.

Jang tong saharda ittifoqchilarning markaz va chap qanotdagi shiddatli hujumi bilan boshlandi. Imperiya va nemis qo‘shinlari turklarning chap qanotini asta-sekin o‘z pozitsiyalaridan siqib chiqara boshladi. Polsha otliqlari va piyodalari esa Vena o‘rmonlarining murakkab relyefini bosib o‘tib, jangga biroz keyinroq — tushga yaqin qo‘shildi.

Sobeskiyning dastlabki rejasiga ko‘ra, hal qiluvchi zarba o‘ng qanotdan ertasi kuni berilishi va jang ikki kun davom etishi kerak edi. Biroq voqealarning ittifoqchilar uchun kutilgandan ham tez va muvaffaqiyatli rivojlanishi qirolni rejani zudlik bilan o‘zgartirishga majbur etdi.

Dastlab Sobeskiy dushman safini va joylashuvini aniqlash uchun razvedkaga bir necha otliq rotani yubordi. Turk otliqlari ularning hujumini qaytarib, ortidan quvishga tushdi, ammo nemis hamda polshalik piyodalarning intizomli o‘qi ularning yo‘lini to‘sdi.

Soatlab davom etgan shiddatli to‘qnashuvlardan so‘ng har ikki tomon ham nihoyatda charchagan edi. Soat 18:00 atrofida kunning va butun urushning hal qiluvchi pallasi keldi.

Yan Sobeskiy tepaliklarda zaxirada turgan ulkan otliq diviziyaga umumiy hujum buyrug‘ini berdi. Tepalikdan pastga qarab 20 ming kishilik po‘lat to‘lqin — afsonaviy polshalik “qanotli gusarlar” va nemis og‘ir otliqlari yopirilib tushdi. Bu dunyo harbiy san’ati tarixidagi eng yirik va eng dahshatli otliqlar hujumi sifatida muhrlandi.

Dahshatli kuch va tezlik bilan berilgan zarba Usmonli saflarini kultepa qildi. To‘fon kabi bostirib kelgan otliqlar qarshisida turk safi buzildi va ommaviy parokandalik hamda qochish boshlandi. Faqat markazda vazir Qora Mustafo posho o‘z bayrog‘i atrofida 5–6 ming nafar sodiq jangchini to‘plab, oxirgi nafasigacha qarshilik ko‘rsatdi — bu bilan u armiyaning qolgan qismiga chekinish va qutulib qolish uchun biroz vaqt yutib berdi. (Ushbu paytda Qrim tatarlari allaqachon jang maydonini tark etgan va Usmonlilarni o‘z holiga tashlab ketgan edi).

Kechga borib ittifoqchilar shaharni qurshovdan ozod qildi va turk lageriga bostirib kirdi. XVII asrdagi urush qoidalari nihoyatda shafqatsiz edi: lagerda qolgan 10 mingga yaqin kasal, yarador va xizmatchilar ayovsiz qilichdan o‘tkazildi.

Ushbu qonli to‘qnashuvda Usmonli tarafining umumiy talafoti 15 ming kishidan oshdi. Ulardan faqat uchdan bir qismigina bevosita jang maydonida halok bo‘lgan, qolganlari esa chekinish va lagerdagi qirg‘in qurboniga aylangan edi.

### Bosh vazirning fojiasi hamda so‘nayotgan yulduz

Vena ostonasidagi mag‘lubiyat shunchaki boy berilgan bir jang emas, balki Yevropa va yaqin Sharq xaritasini tubdan o‘zgartirib yuborgan ulkan tarixiy burilish nuqtasi bo‘ldi. Usmonli imperiyasining Yevropa tubiga uch asrdan beri to‘xtovsiz davom etib kelayotgan harbiy ekspansiyasiga aynan shu yerda va abadiy nuqta qo‘yildi.

Bu g‘alaba Yevropa monarxiyalariga ruhiy va strategik ustunlik berdi. 1684-yilda Papa tashabbusi bilan Usmonlilarga qarshi “Muqaddas Liga” harbiy ittifoqi tuzildi. Unga Avstriya (Gabsburglar), Polsha-Litva Hamdo‘stligi, Venetsiya respublikasi va keyinchalik Rossiya podsholigi ham qo‘shildi.

Birlashgan kuchlar qarshisida Usmonlilar ketma-ket chekinishga majbur bo‘ldi: 1686-yilda strategik ahamiyatga ega Buda shahri ozod qilindi, bir necha yil ichida esa turklar butun Vengriya va Transilvaniya hududlaridan batamom quvib chiqarildi.

XVIII asr boshlarida Usmonli imperiyasi Yevropa ustidan vaqti-vaqti bilan mahalliy g‘alabalarni qo‘lga kiritib turgan bo‘lsa-da, imperiyaning harbiy-siyosiy qudrati va gegemonligi o‘z poyoniga yetib borayotgan edi. Vena jangidan so‘ng “Yevropaning kasal odami”ga aylana boshlagan imperiya uchun tanazzul davri boshlandi.

Mag‘lubiyatning bosh aybdori deb topilgan vazir Qora Mustafo poshoning taqdiri esa fojiali yakun topdi. Sulton Mehmed IV o‘z vazirining hukmdor ijozatisiz Vena sari qilgan tavakkal yurishini va imperiyaning eng sara armiyasi barbod etilganini kechirmadi.

1683-yil 25-dekabr kuni Belgraddagi qarorgohida peshin namoziga hozirlik ko‘rayotgan Qora Mustafo poshoning eshigi taqilladi. Xonaga sultonning maxsus xabarchilari — qurollangan yanicharlar va jallod kirib keldi. Vazir xabarchilar qo‘lidagi sultonning o‘lim fermanini ko‘rib, taqdirga tan berdi va barchasini angladi.

Usmonli an’analariga ko‘ra, oliy martabali davlat arbobi sifatida uning qoni to‘kilmadi. Jallodlar keltirgan shoyi arqon bilan bo‘g‘ib qatl etildi. Shu tariqa, Vena orzusi bilan yo‘lga chiqqan qudratli vazirning va u bilan birga imperiyaning Yevroosiyodagi mutlaq hukmronlik davrining fojiali xotimasi yasaldi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.