Alisher Usmonov sababli Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha kelisha olmadi

Alisher Usmonov tufayli Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha yakdil qarorga kela olmadi
Yevropa Ittifoqi elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalar dasturlaridan birini yetti kunga uzaytirishga kelishib oldi.
Gap Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan qariyb uch ming nafar jismoniy va yuridik shaxs haqida bormoqda. Ro‘yxat har 6 oyda yangilanib turishi kerak. Buning uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zosining roziligi zarur.
Ro‘yxatning muddati 15-sentyabrga o‘tar kechasi tugashi kerak edi. Ammo YI davlatlari sanksiyalarni odatdagidek yana olti oyga uzaytirish borasida kelisha olmadi. Bunga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan qo‘llangan cheklovlar sabab bo‘ldi. Avval Slovakiya, keyin esa Fransiya milliarderga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi. Biroq blokka a’zo qolgan 25 davlat bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi.
Shu tariqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari Bryusseldagi uchrashuvda Usmonovni ro‘yxatda qoldirib, uning amal qilish muddatini yana bir haftaga — 22-sentyabrdagi yig‘ilishgacha uzaytirishga qaror qildi.
EUobserver nashri yozishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri sanksiyalarni uzaytirishda bunday holat kuzatilmagan edi.
Fransuz diplomatlari orasidagi manba Parij nega tadbirkordan sanksiyalarni olib tashlashni so‘rayotganini shunday izohladi:
“Bizda (Fransiyada) milliy xavfsizlikka oid muayyan masala bor va Usmonov bo‘yicha bizga murojaat qilayotgan xalqaro hamkorlarimizga ijobiy javob bildirmoqchimiz”, dedi u.
Tilga olingan xalqaro hamkorlar Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekiston ekani taxmin qilinmoqda. Alisher Usmonov 2022-yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin YI sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. Usmonovni Yevropa sanksiyalaridan chiqarish masalasi avval ham bir necha bor ko‘tarilgan. Jumladan, 2025-yil fevralda Vengriya Usmonov va uning singlisini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish taklifini ilgari surgandi. O‘shanda Budapesht sakkiz nafar rossiyalik ro‘yxatdan chiqarilmasa, sanksiyalarni uzaytirishga rozilik bermasligini bildirgan.
Usmonovning singlisi Saodat Narziyeva 2022-yil aprelda YI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, ammo o‘sha yil sentyabrda unga nisbatan cheklovlar bekor qilingan. Usmonovning o‘zi esa ro‘yxatda qolgan. 2025-yil noyabrda Gamburg sudi Usmonov Shveysariyadagi aktivlarini singlisi orqali yashirgani haqida Facebook’da tarqatilgan da’voni asossiz deb topgan. 2025-yil dekabrda esa Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan olib borilgan yana bir tergov to‘xtatilgan.

