
Parij sirlari
Frantsiya Slovakiyaning rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovni Ittifoqning sanktsiyalar roʻyxatidan chiqarish talabini qoʻllab-quvvatladi. Bu haqda Yevropa ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Xabarlarga koʻra, Slovakiya anchadan beri Usmonov va yana bir rossiyalik tadbirkor Mixail Fridmanni Ittifoqning sanktsiyalar roʻyxatidan chiqarishga harakat qilib kelmoqda. Endi Bratislavaga Parij ham qoʻshildi. OAV yozishicha, Frantsiyaning bu qadami boshqa aʼzo davlatlarda «juda qattiq gʻazab» qoʻzgʻatgan.
«Bu sabablar borasida koʻplab savollarni tugʻdirdi — shekilli, bu yerda birinchi navbatda iqtisodiy omillar rol oʻynamoqda. Boshqa aʼzo davlatlar orasida bu pozitsiyani tushunish darajasi past», — dedi yevropalik diplomatlardan biri muzokaralarning nozikligi sababli ismi sir qolishi sharti bilan.
Qayd etilishicha, Ittifoq sanktsiyalarini uzaytirish bir ovozdan maʼqullanishni talab qiladi, demak, istalgan davlat uzaytirish toʻgʻrisidagi qarorga veto qoʻyishi mumkin. Slovakiyaning pozitsiyasi allaqachon aʼzo davlatlar oʻrtasida norozilik uygʻotgan edi, biroq Frantsiyaning yangi yoʻnalishi, aftidan, muzokaralarni yanada qiyinlashtiradi. Parij Usmonovning roʻyxatdan chiqarilishini siyosiy murosa sifatida taqdim etdi va Slovakiya bu safar, xuddi oʻtgan galgidek, oʻzining ikkita chiqarib tashlash talabidan voz kechmasligiga umid qilmoqda.
Ittifoq elchilari sanktsiyalarni uzaytirishni muhokama qilish uchun dushanba kuni yana uchrashadilar va 15 sentyabrgacha boʻlgan soʻnggi muddatdan oldin siyosiy kelishuv topishga majbur boʻladilar. Frantsiyaning Ittifoq huzuridagi doimiy vakolatxonasi vakili Parij sanktsiyalar uzaytirilishi tarafdori ekanini bildirdi, biroq muhokamalarning maxfiyligini roʻkach qilib, ularning borishi haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Eslatib oʻtamiz, Ittifoqning sanktsiyalar rejimi hozirda Rossiyaning 3 000 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarini qamrab oladi. Uning amal qilish muddati 15 sentyabrda uzaytirilishi kerak. Shu paytgacha individual roʻyxatlar har olti oyda uzaytirilar edi, biroq hozirda 12 oylik muddatga uzaytirish muhokama qilinmoqda. Sektoral sanktsiyalar esa iyul oyidayoq yarim yillikdan yillik uzaytirish tsikliga oʻtkazilgan edi.

