Urush ketayotgan davlatlarga «Yevrovideniye»ni o‘tkazish rasman taqiqlandi
«Yevrovideniye» tashkilotchilari xalqaro qo‘shiq tanlovi qoidalariga o‘zgartish kiritdi. Endi qurolli mojaro yoki murakkab geosiyosiy vaziyat mamlakat yoxud unga bevosita tutash hudud xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, g‘olib davlat keyingi yilgi tanlovga mezbonlik qila olmaydi. Yangi qoidalar 2027-yildan kuchga kiradi.

**Urushayotgan davlatlarga "Yevrovideniye"ni o'tkazish rasman taqiqlandi**
"Yevrovideniye" qo'shiq tanlovining tashkilotchisi – Yevropa teleradioeshittirish ittifoqi (EBU) 12-avgust kuni xalqaro tanlov qoidalariga kiritilgan yangiliklarni e'lon qildi.
Yangi tartibga ko'ra, "Yevrovideniye"da g'olib chiqqan mamlakat odatdagidek keyingi tanlovni o'tkazish huquqini qo'lga kiritadi. Biroq, agar ushbu mamlakatda yoki unga bevosita tutash hududda qurolli mojaro yoki murakkab geosiyosiy vaziyat xavfsizlikka jiddiy ta'sir ko'rsatayotgan bo'lsa, mezbonlik huquqi avtomatik tarzda kafolatlanmaydi.
Zarurat tug'ilganda, EBU g'olib davlat joylashgan hududdagi xavfsizlik darajasini mustaqil baholashni tashkil qilishi mumkin. Baholash natijalaridan so'ng, EBU "Yevrovideniye"ning ijroiya organi bo'lgan Referent guruh bilan birgalikda g'olib mamlakat teleradiokompaniyasi tanlovni xavfsiz sharoitda o'tkaza olish yoki olmasligini hal qiladi.
Agar mezbon teleradiokompaniya xavfsiz tanlov o'tkazish imkoniyatiga ega emas degan xulosaga kelinsa, EBU "Yevrovideniye"ni tashkil qilish uchun boshqa teleradiokompaniyani tanlaydi.
Aslida, bunday yondashuv avval ham amaliyotda qo'llangan. 2022-yilda Ukraina "Yevrovideniye" g'olibi bo'lgan, ammo Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko'lamli urushi sababli 2023-yilgi tanlovni Ukrainada o'tkazish imkoni bo'lmagan. Natijada, "Yevrovideniye-2023" Buyuk Britaniyada tashkil etilgan. Ya'ni, xavfsizlik sababli g'olib mamlakatdan mezbonlik huquqini boshqa davlatga o'tkazish amaliyoti mavjud edi, ammo endi bu qoida rasman tanlov nizomiga kiritildi.
2026-yilgi "Yevrovideniye"da esa Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashgan bir paytda Isroil vakili ikkinchi o'rinni egallagan.
EBU tanlovda fonogramma va oldindan yozib olingan ovozlardan foydalanish qoidalariga ham aniqlik kiritdi. Yangi talablarga muvofiq, asosiy xonanda yoki xonandalar o'z partiyasini jonli ijro etishi shart. Fonogramma va oldindan yozib olingan ayrim elementlardan belgilangan qoidalar doirasida foydalanishga ruxsat beriladi. Biroq, bunday yozuvlar asosiy jonli vokal o'rnini bosishi yoki uni haddan tashqari kuchaytirishi mumkin emas. Asosiy melodiyani ijro etadigan vokal jonli bo'lib qolishi kerak.
Tanlov ishtirokchilari uchun yosh chegarasi ham o'zgartirildi. Avval "Yevrovideniye"da 16 yoshga to'lgan san'atkorlar ishtirok etishi mumkin edi. Yangi qoidaga ko'ra, barcha ijrochilar birinchi repetitsiya o'tkaziladigan kunga qadar 18 yoshga to'lgan bo'lishi shart. Tashkilotchilar bu o'zgarish yosh san'atkorlarning xavfsizligini kuchaytirish va ularni "Yevrovideniye" kabi yirik xalqaro tanlovda ishtirok etish bilan bog'liq kuchli bosimdan himoya qilish choralarining davomi ekanini ta'kidlagan.
Yangilangan qoidalar 2027-yildan amal qila boshlaydi. Navbatdagi tanlov Bolgariyada o'tkazilishi rejalashtirilgan. Mamlakatga "Yevrovideniye"dagi tarixiy g'alabani 2026-yil may oyida Dara Bangaranga kompozitsiyasi bilan olib kelgan.

