YeIda har uch oʻquvchidan biri matematikadan bazaviy darajaga yetolmadi
PISA–2025 natijalariga koʻra, Yevropa Ittifoqidagi 15 yoshli oʻquvchilarning 33,9 foizi matematika boʻyicha bazaviy darajaga yeta olmagan. 2018-yilda bu koʻrsatkich 22,9 foiz boʻlgan.

YeIda har uch oʻquvchidan biri matematikadan bazaviy darajaga yetolmadi
PISA xalqaro baholash dasturi oʻquvchilarning matematik bilimlarini emas, balki ularni amaliy vaziyatlarda qoʻllash qobiliyatini ham sinovdan oʻtkazadi.
Naked Science nashri Eurostat maʼlumotlariga tayangan holda yozishicha, 2018-yil bilan solishtirganda Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarida matematikadan past natija koʻrsatgan oʻquvchilar ulushi oshgan.
Xususan, Shimoliy Makedoniyada bazaviy darajaga yetmaganlar ulushi 61 foizdan 68 foizga chiqqan. Bolgariya, Kipr, Chernogoriya, Serbiya va Ruminiyada ham oʻquvchilarning yarmidan koʻpi ushbu darajaga erisha olmagan.
Keltirilgan taqqoslashda eng yaxshi natija Estoniyada qayd etilgan: matematik savodxonligi bazaviy darajadan past boʻlgan oʻquvchilar ulushi 17,2 foizni tashkil qilgan. Biroq bu mamlakatda ham holat yomonlashgan — 2018-yilda bu koʻrsatkich 10,2 foiz edi.
Shveysariyada bazaviy darajaga yetmagan oʻquvchilar ulushi 23,2 foiz, Irlandiyada esa 24,2 foiz boʻlgan.
Turkiya taqqoslashga kiritilgan mamlakatlar orasida ushbu koʻrsatkich biroz yaxshilangan yagona davlat boʻlgan. U yerda past natija koʻrsatgan oʻquvchilar ulushi 2018-yildagi 36,6 foizdan 2025-yilda 35,7 foizga tushgan.
Eng keskin yomonlashuv Norvegiyada kuzatilgan. Mamlakatda matematikadan bazaviy darajaga yetmaganlar ulushi 18,9 foizdan 38 foizga koʻtarilib, qariyb ikki baravar oshgan. Kipr, Sloveniya va Islandiyada ham sezilarli pasayish qayd etilgan.
PISA matematik savodxonlikni oltita asosiy daraja boʻyicha baholaydi. Ikkinchi daraja bazaviy hisoblanadi: unga yetgan oʻquvchi zamonaviy jamiyatda yashash va ishlash uchun zarur boʻlgan eng kam matematik koʻnikmalarga ega deb qaraladi.
Bazaviy darajaga yetmaslik oʻquvchi matematikani umuman bilmaydi degani emas. Bu uning bilimlarini amaliy masalalarni yechishda qoʻllash koʻnikmasi belgilangan minimal mezonga yetmaganini anglatadi.

