Dunyo

PISA asoschisi ta’limda kuzatilayotgan xavfli holatdan ogohlantirdi

SI texnologiyalaridan haddan ziyod ko‘p foydalanish o‘smirlarning bilim darajasiga salbiy ta’sir etmoqda

PISA asoschisi ta’limdagi xavfli tendensiya haqida ogohlantirdi

Dunyoga mashhur PISA tizimi asoschisi Andreas Shleyxer ko‘plab mamlakatlarda o‘quvchilarning bilim darajasi pasayib borayotganini ta’kidladi. Joriy hafta 91 mamlakatdagi 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilim hamda savodxonlik darajasini aks ettiruvchi tahlillar e’lon qilingan edi.

«Ko‘rmoqdamizki, o‘quvchilarda nafaqat bazaviy savodxonlik pasaymoqda, shuningdek, ma’lumotlarni qiyoslash, axborotni tanqidiy tahlil qilish va murakkab matnlar bilan ishlash qobiliyati ham susaymoqda»,

— degan Andreas Shleyxer Euronews telekanaliga bergan intervyusida.

Sanab o‘tilgan ko‘nikmalar aynan sun’iy intellekt (SI) bilan ishlashda suv bilan havodek zarur hisoblanadi. Qiyoslash va tanqidiy tahlil malakasining susayishi o‘quvchilarning kelajagiga soya solishi mumkin.

PISA asoschisining fikricha, SI texnologiyalaridan haddan tashqari ko‘p foydalanish o‘smirlarning bilim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tadqiqot davomida SIdan foydalanmaydigan o‘quvchilarda bilim va savodxonlik darajasi yuqoriroq ekani aniqlangan. Shu bois mutaxassis dunyo davlatlari ta’limida SIdan shunchaki iste’molchi sifatida emas, balki ijodiy va tanqidiy tafakkur asosida foydalanish zarurligini urg‘ulagan.

«SIdan ayrim davlatlar o‘quvchilarni teran fikrlashga, to‘g‘ri masalalarni izlashga majbur qilish hamda ularning yaxshiroq o‘qishiga yordam beradigan kuchli vositalarni taqdim etish maqsadida foydalanmoqda... Biz ta’lim tizimida SIdan iste’molchilik tarzida foydalanishdan ko‘proq ijodiy foydalanishga o‘tishimiz kerak»,

— degan Andreas Shleyxer.

PISA testlari natijalari Yevropa davlatlari orasida tafovut ham ortib borayotganini ko‘rsatdi. Masalan, Fransiya, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi pasaygani kuzatilgan. Qiziq tomoni, Yevropaning kichik davlatlari ijobiy natija qayd etgan. Masalan, Estoniya o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha testlarda Yevropada birinchi o‘rinni egallagan, dunyo bo‘yicha ham kuchli o‘ntalikka kirgan.

«Bu — raqamli dunyoni ehtiyotkorlik bilan, ammo juda puxta va mahsuldorlik bilan o‘zlashtirib borayotgan mamlakatning yorqin misolidir»,

— degan Shleyxer.

Ta’lim kelajagi haqida so‘z yuritar ekan, yetakchi ekspert e’tiborni axloqiy qarorlar qabul qilish, murakkab insoniy munosabatlarda mo‘ljal ola bilish kabi qobiliyatlarga qaratish kerakligini ta’kidlagan.

U o‘quvchilar ta’limning passiv iste’molchisi bo‘lib qolishi mumkin emasligini, aksincha, o‘quv jarayonining faol ishtirokchisiga aylanishi lozimligini qayd etgan.

PISA asoschisi natijalarni yaxshilash uchun o‘qituvchi hamda ota-onalarning mas’uliyatini oshirish muhimligini aytgan.

Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi (Programme for International Student Assessment, PISA) — dunyo davlatlarida 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika, tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligi hamda bilimlarni amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi dasturdir. Ushbu testlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan yetakchi xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

PISA 2025 xalqaro baholash dasturi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egallagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.