PISA 2025: O‘zbekiston o‘quvchilari tabiiy fanlardan 91 davlat orasida 48-o‘rinni egalladi

PISA 2025: O‘zbekiston o‘quvchilari tabiiy fanlardan 91 davlat orasida 48-o‘rinni oldi
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti PISA 2025 xalqaro baholash dasturi natijalarini e’lon qildi. O‘zbekiston tadqiqotda ikkinchi bor qatnashib, ijobiy o‘zgarishlar qayd etdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdan xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy tanlangan 233 ta maktabning 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchisi tadqiqotda ishtirok etdi.
Tabiiy fanlar yo‘nalishida O‘zbekiston o‘quvchilari 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi ichida 48-o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun, PISA 2022 da tabiiy fanlar bo‘yicha natija 355 ball va 80-o‘rin bo‘lgan. Shunday qilib, 2025-yilda ko‘rsatkich qariyb 83 ballga oshdi.
Raqamli dunyoda o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston o‘quvchilari 402,4 ball bilan 72-o‘rinni qayd etdi.
PISA 2025 da asosiy yo‘nalish sifatida tabiiy fanlar savodxonligi belgilangan. Bu o‘quvchining kundalik hayotda zarur bo‘ladigan asosiy bilim va ko‘nikmalarni qo‘llay olish darajasini anglatadi. Bazaviy daraja va undan yuqori natija ko‘rsatganlar 2022-yilda 19 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 65 foizga yetdi. Bu esa 46 foiz o‘sish demakdir.
PISA — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini xalqaro miqyosda baholash dasturi bo‘lib, unda turli davlatlardagi 15 yoshli o‘quvchilarning maktabda olgan bilimlarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyati tekshiriladi. U har uch yilda bir marta o‘tkaziladi.
PISA 2025 Xalqaro tadqiqotida 91 ta davlat va ta’lim tizimi ishtirok etdi.

