Qaysi davlatlarda pensiya ish haqining eng katta qismini qoplaydi?
Dunyo mamlakatlarida pensiyaga chiqqandan keyin fuqarolarning avvalgi daromadi qay darajada saqlanib qolishi keskin farq qiladi. OECD maʼlumotlariga asoslangan reytingda Ispaniya va Gretsiya yuqori oʻrinlarni egallagan boʻlsa, Litvada pensiyaning ish haqiga nisbati 20 foizga ham yetmaydi.

Qaysi davlatlarda pensiya ish haqining eng katta qismini qoplaydi?
Pensiyaga chiqqan odam avvalgi maoshining qanchasini pensiya sifatida olishi mumkin? Mamlakatga qarab bu ko‘rsatkich 80 foizdan yuqori darajadan 20 foizdan ham past darajagacha o‘zgaradi.
Visual Capitalist infografikasida davlatlar pensiyaning prognoz qilinayotgan yalpi o‘rnini bosish koeffitsiyenti bo‘yicha solishtirilgan. Hisob-kitoblar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti — OECD ma’lumotlariga tayangan.
O‘rnini bosish koeffitsiyenti pensiya to‘lovlari miqdorini inson pensiyaga chiqishidan oldin olgan ish haqi bilan taqqoslaydi. Bu yerda ham ish haqi, ham pensiya soliqlar va majburiy badallar ushlab qolinmasidan oldingi miqdorda hisobga olinadi.
Shu bois bu ko‘rsatkichni sodda qilib, inson pensiyaga chiqqach uning avvalgi mehnat daromadining qancha qismi pensiya to‘lovlari bilan «almashtirilishi» deb tushunish mumkin.
Hisob-kitoblar 2024-yilda 22 yoshida mehnat faoliyatini boshlagan o‘rtacha statistik xodim uchun tuzilgan. Unda majburiy davlat va xususiy pensiya dasturlari inobatga olingan, biroq fuqarolarning ixtiyoriy ravishda shakllantiradigan xususiy pensiya jamg‘armalari hisobga olinmagan.
Reytingning yuqori qismida Janubiy Yevropa davlatlari yetakchilik qiladi. Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya va Italiya birinchi o‘nlikdan o‘rin olgan.
Ayniqsa, Ispaniya va Gretsiya yuqori ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi.
Ispaniyada prognoz qilinayotgan pensiyaning o‘rnini bosish koeffitsiyenti 80,4 foizni tashkil etadi. Ya’ni hisob-kitob modeli bo‘yicha pensiya to‘lovlari pensiyaga chiqishdan oldingi ish haqining taxminan beshdan to‘rt qismiga teng bo‘ladi.
Gretsiyada bu ko‘rsatkich 79,6 foizni tashkil etadi.
Shu bilan birga, reyting mamlakatning umumiy boylik darajasi pensiyaning ish haqiga nisbati qanchalik yuqori bo‘lishini har doim ham belgilab bermasligini ko‘rsatadi.
Masalan, Meksika va Turkiyada prognoz qilinayotgan o‘rnini bosish koeffitsiyenti qariyb 70 foizga yetadi. Germaniyada esa u 42,1 foizni tashkil qiladi.
AQShda ham ko‘rsatkich nisbatan past — 39,7 foiz.
Bu tafovutlar turli mamlakatlarda pensiya tizimlarining tuzilishi va ishlash mexanizmlari bir-biridan sezilarli darajada farq qilishini ko‘rsatadi.

