YEI Transkaspiy yoʻnalishida Oʻzbekistonning yangi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash niyatida
Transport vazirligi, Yevropa Ittifoqi, xalqaro moliya institutlari va xususiy sektor Oʻzbekistonning Transkaspiy yoʻlagini rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalarini, jumladan, temir va avtomobil yoʻllari, logistika markazlari qurilishi hamda raqamli transport tizimlarini yaratish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildi.

YEI Oʻzbekistonning Transkaspiy yoʻnalishidagi yangi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash niyatida
Bu haqda Yevropa komissiyasining Xalqaro hamkorlik boʻyicha bosh direktorining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi boʻyicha direktori Peteris Ustubs maʼlum qildi. U 30 sentyabr kuni Toshkentda Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan birgalikda TKXY boʻyicha Ikkinchi milliy konferentsiyaga hamraislik qildi.
Peteris Ustubs taʼkidlaganidek, eʼlon qilingan moliyalashtirishning qolgan qismi hali loyihalarga yoʻnaltirilishi kerak.
«Moliyaviy imkoniyatlar mavjud. Biz hali ularning chegarasiga yetganimiz yoʻq va keyingi oʻsish uchun makon, shubhasiz, bor», — dedi u.
Dastlabki 10 milliardlik majburiyatlar 2024 yilda Bryusselda boʻlib oʻtgan investitsiya forumida eʼlon qilingan edi. 2025 yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan navbatdagi forumda tomonlar amalga oshirilgan ishlar sarhisobini qilib, aniq loyihalarni muhokama qildilar. Endilikda, Ustubsning soʻzlariga koʻra, eʼlon qilingan mablagʻlar infratuzilmani qurish va modernizatsiya qilishga sarflanishiga erishish muhimdir.
«Biz Oʻzbekistonning ustuvor ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishni, asosiy toʻsiqlarni aniqlashni — agar ularning baʼzilarini bartaraf etishning iloji boʻlsa, yanada yaxshiroq — va Yevropa Ittifoqi, Team Europe hamda xalqaro moliya institutlari moliyalashtirish, investitsiyalar va texnik koʻmakni jalb qilishda qanday yordam berishi mumkinligini muhokama qilishni istaymiz», — dedi Yevrokomissiya vakili.
Oʻzbekiston bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan yoʻnalishlar qatorida u temir va avtomobil yoʻllarini modernizatsiya qilish va qurish, logistika markazlarini rivojlantirish hamda mintaqaning boshqa mamlakatlari tizimlari bilan mos keluvchi raqamli transport tizimini yaratishni tilga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, koridor mamlakatlari oʻrtasidagi chegara oʻtish joylari alohida ish olib borishni talab qiladi.
Peteris Ustubs yoʻnalishning muvaffaqiyati uchun faqat infratuzilma qurish yetarli emasligini taʼkidladi: chegaralarda tezroq tartib-taomillar, mamlakatlar oʻrtasida muvofiqlashtirish va tashuvchilar uchun oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan sharoitlar zarur.
«Kelajakda koridor uchun asosiy cheklov, ehtimol, uning ishlash samaradorligi boʻladi», — dedi u. Transkaspiy koridori Muvofiqlashtiruvchi platformasining maqsadi — Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi tashishlarni 15 kundan ortiq boʻlmagan muddatda taʼminlashdir.
Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatning ushbu koridorga boʻlgan qiziqishini tovarlarni yetkazib berish xarajatlarining yuqoriligi bilan izohladi.
«Transport xarajatlari mahsulotimiz tannarxining sezilarli qismini tashkil etadi. Shu bois transport va logistikani rivojlantirish — prezident tomonidan xalqaro tashriflar va muzokaralar chogʻida doimiy ravishda koʻtariladigan masalalardan biridir», — dedi u jurnalistlarga.
Ilhom Mahkamov Oʻzbekiston Markaziy koridorni rivojlantirish boʻyicha nafaqat mamlakat ichida, balki mintaqaviy darajada ham yirik strategik loyihalarni amalga oshirayotganini qoʻshimcha qildi.
«Hozirgi vaqtda Gruziya portida Oʻzbekistonning oʻz terminalini qurish loyihasi ustida faol ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, Kaspiy dengizida oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish uchun Ozarbayjondagi sheriklar bilan qoʻshma korxona tashkil etish, yangi paromlar sotib olish va reyslar sonini koʻpaytirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Shu bilan birga, yoʻnalishning iqtisodiy jozibadorligini oshirish uchun CASCA+ multimodal yoʻnalishi doirasida temir yoʻl tashuvlariga 70 foiz miqdorida chegirmalar joriy etildi. Bu yuk tashuvchilar va biznes uchun juda katta imkoniyatdir», — deya taʼkidladi transport vaziri.
Konferentsiyada hukumat, xalqaro moliya institutlari va biznes vakillari temir va avtomobil yoʻllariga investitsiyalar kiritish, logistika markazlarini rivojlantirish, shuningdek, transport va savdo hujjatlarini raqamlashtirishni muhokama qildilar. Alohida sessiya xususiy kompaniyalarning takliflari va ularning koridor boʻylab tashishlarda duch kelayotgan toʻsiqlariga bagʻishlandi.

