YEI Grenlandiyaga yirik moliyaviy paket ajratadi
Yevropa Ittifoqi Grenlandiyaga yoʻnaltiriladigan investitsiyalarni sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda. Yangi moliyaviy paket muhim minerallar, sunʼiy yoʻldosh aloqasi va qayta tiklanadigan energetika kabi strategik sohalarni qamrab oladi. Bu qaror AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiya ustidan nazorat oʻrnatish haqidagi daʼvolari fonida qabul qilinmoqda.

YEI Grenlandiyaga katta moliyaviy paket ajratadi
Yevropa Ittifoqi Grenlandiyaga investitsiyalarni ancha oshirishni rejalashtirmoqda. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen 7-sentabr kuni Daniya tarkibidagi avtonom hududga safari davomida yangi investitsiya rejalarini e’lon qilishi kutilmoqda.
Moliyalashtirish muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash, sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirish hamda qayta tiklanadigan energetika yo‘nalishlariga yo‘naltiriladi.
Fon der Lyayen 6-sentabr kuni Grenlandiyaning ma’muriy markazi Nuuk shahrida yangi moliyaviy paket «sezilarli hajmda» bo‘lishini aytdi.
Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen esa avtonom hudud Yevropa Ittifoqi bilan yaqin do‘stlik munosabatlari va mustahkam sheriklikni rivojlantirishni xohlashini bildirdi.
Yevropa komissiyasi raisi Grenlandiyaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan. Tashrifdan ko‘zlangan maqsadlardan biri Grenlandiya va Daniya hukumatlarini qo‘llab-quvvatlash ekani aytilmoqda.
Grenlandiya atrofidagi jarayonlar Arktikaning jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ahamiyati ortib borayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Muzliklarning erishi mintaqadagi tabiiy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, yangi dengiz yo‘llarining paydo bo‘lishi Arktikaning transport va harbiy-strategik ahamiyatini ham oshirmoqda.
Ayniqsa, Grenlandiyadagi muhim minerallar zaxiralari yirik davlatlar e’tiborini tortmoqda. Shu bois orol iqtisodiy manfaatlar bilan birga geosiyosiy raqobat nuqtalaridan biriga aylanib bormoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp joriy yilda AQSH Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishi kerakligini bir necha bor ta’kidladi. U Daniya Grenlandiya xavfsizligini yetarli darajada ta’minlay olmasligini iddao qilgan.
Kopengagen va Nuuk hukumatlari esa AQSH prezidentining bunday talablarini qat’iy rad etgan.
Iyul oyida Turkiyada o‘tkazilgan NATO sammitida Tramp Grenlandiyaga nisbatan o‘z pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlagan.
Grenlandiya 1985-yilda Yevropa hamjamiyatidan chiqqan. Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi uzoq yillardan buyon avtonom hududga moliyaviy yordam ko‘rsatib keladi.

