YaTTlarga savdo avtomatlarini oʻrnatish huquqi beriladi
Yakka tartibdagi tadbirkorlarga savdo avtomatlarini oʻrnatish va elektron savdoda buyurtmalarni topshirish punktlarini ochish huquqini berish koʻzda tutilmoqda.

YaTTlarga savdo avtomatlarini oʻrnatish huquqi beriladi
Oʻzbekistonda soliq maʼmurchiligini takomillashtirishga qaratilgan qonun hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihada quyidagi masalalar nazarda tutiladi:
- soliqning belgilangan muddatda toʻlanmagan qismiga hisoblanadigan penya toʻlanmagan soliq summasidan oshib ketmasligini belgilash;
- yakka tartibdagi tadbirkorlarga savdo avtomatlarini oʻrnatish va elektron savdoda buyurtmalarni topshirish punktlarini ochish huquqini berish;
- fiskal chek shakllantiriladigan raqamli platformalar orqali faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni nazorat-kassa texnikasidan foydalanish majburiyatidan ozod etish;
- hisobga qoʻyilmagan shartnomalar asosida ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan koʻchmas mulk obyektidagi tovar qoldiqlari sanoqdan oʻtkazilmasligi bilan bogʻliq talabni bekor qilish.
Qonun va hukumat qarori loyihasi 2026-yil noyabr oyida tayyor boʻlishi kerak.
Bu topshiriq prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida belgilangan vazifalar ijrosiga oid farmonda nazarda tutilgan.
Topshiriq ijrosi uchun bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov va boshqalar masʼul etib belgilangan.

