Marketpleyslarda B2B savdolar uchun imkoniyat kengayadi
Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi bitimlarni elektron savdo platformalari orqali amalga oshirishga ruxsat berish, bunda barcha zarur hujjatlarni bevosita raqamli formatda rasmiylashtirish imkoniyatini yaratish koʻzda tutilmoqda.

Marketpleyslarda B2B savdo imkoniyatlari kengaytiriladi.
Oʻzbekistonda raqamli savdo maydonchalarida biznes yuritish uchun teng sharoitlar yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda davlat rahbarining tadbirkorlar bilan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi farmonida koʻzda tutilgan.
Farmonga koʻra, 2026-yil oxirigacha quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi:
* Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi bitimlarni elektron savdo platformalari orqali amalga oshirishga ruxsat berish va barcha zarur hujjatlarni bevosita raqamli formatda rasmiylashtirish imkoniyatini yaratish.
* Raqamli platformalar foydalanuvchilarining shikoyatlarini sudgacha koʻrib chiqishning shaffof tartibini, platforma qoidalari oʻzgarishi haqida bozor ishtirokchilarini oldindan xabardor qilishi kabi majburiyatlarni belgilash.
* Korporativ buyurtmachilarning davlat xaridlari boʻyicha oldindan toʻlovlarini byudjet buyurtmachilari uchun belgilangan tartib, miqdor va shartlarga muvofiqlashtirish.
* Yirik buyurtmachilar uchun uch yillik xarid rejalari, smeta va biznes-rejalarni xarid reja-jadvallari bilan bogʻlash, investitsiya loyihalari boʻyicha alohida xarid rejasi, yagona texnik talablar va KPI koʻrsatkichlarini joriy etish.
* Davlat xaridlari doirasida byudjet mablagʻlari hisobidan 100 million soʻmgacha boʻlgan kichik hajmdagi tovarlarni xarid qilish imkoniyatini koʻrib chiqish.
Maʼlumot uchun, "Elektron tijorat toʻgʻrisida"gi qonunda elektron tijoratda har ikkala tomon – sotuvchi ham, xaridor ham xoh jismoniy shaxs, xoh yuridik shaxs boʻlishi mumkinligi koʻrsatilgan.

