O‘zbekistonda tashqi savdo vositachilik kontrakti joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda tashqi savdo vositachilik shartnomasi joriy etilishi ko‘rib chiqilmoqda. Bu taklif elektron tijorat va xalqaro tashish xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun tashqi savdo operatsiyalarini soddalashtirishga qaratilgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi 15-avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, tashqi savdo operatsiyalarida "tashqi savdo vositachilik kontrakti" deb nomlangan yangi turdagi shartnoma paydo bo‘ladi. Bu shartnoma rezident va norezident o‘rtasida agentlik, komissiya, topshiriq yoki boshqa vositachilik xizmatlari bo‘yicha tuziladigan kontrakt sifatida belgilanadi.
Vositachi sifatida boshqa shaxs manfaatlarini ko‘zlab tashqi savdo operatsiyalarini tashkil etuvchi, hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi, pul mablag‘larini qabul qilib, ularni norezident yoki kontraktda belgilangan boshqa shaxs foydasiga o‘tkazuvchi rezident yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkor jismoniy shaxs tushuniladi.
Loyihada vositachi tomonidan uchinchi shaxslardan qabul qilingan va norezidentga yoki kontraktda ko‘rsatilgan boshqa shaxsga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar "tranzit pul mablag‘lari" deb e’tirof etilishi nazarda tutilgan. Bunday mablag‘lar vositachining daromadi hisoblanmaydi. Faqat vositachilik yoki agentlik haqi uning daromadi sifatida qaraladi.
Shuningdek, tranzit mablag‘larni norezident foydasiga o‘tkazish vositachining tovarlar, ishlar yoki xizmatlar importi yoxud eksporti hisoblanmasligi va soliq solish obyekti sifatida qaralmasligi belgilanmoqda. Tijorat banklari bunday to‘lovlarni tashqi savdo vositachilik kontrakti asosida amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Loyihada tashqi savdo kontraktlari ro‘yxatiga yangi – 23-raqam ostida tashqi savdo vositachilik kontrakti kiritilishi ham taklif qilinmoqda. Bojxona qo‘mitasiga esa uch oy muddatda "E-kontrakt" tashqi savdo axborot tizimiga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish vazifasi yuklatilmoqda. Hujjat hozircha loyiha maqomida bo‘lib, 30-avgustgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
2026-yil iyul oyida Bojxona qo‘mitasi eksportyorlarni xorijdagi ishonchsiz hamkorlardan ogohlantirish maqsadida "Elektron kontrakt" tashqi savdo axborot tizimida ishonchsiz xorijiy hamkorlar reyestrini shakllantirgandi. Reyestrga O‘zbekistonlik sheriklariga 100 ming dollardan ortiq mablag‘ni to‘lamayotgan xorijiy kompaniyalar kiritiladi va u har kuni yangilanadi.

