Yashash uchun eng maqbul mamlakatlarning 2026-yilgi reytingi e’lon qilindi

Yashash uchun eng maqbul mamlakatlarning 2026-yilgi reytingi ma’lum qilindi
Yashash va ko‘chib o‘tish uchun 2026-yilda eng yaxshi mamlakatlar reytingi e’lon qilindi. Butun dunyo bo‘yicha tuzilgan ushbu ro‘yxatda Boltiqbo‘yi davlati peshqadam bo‘ldi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Estoniya bank infratuzilmasi, biznes imkoniyatlari va xorijliklar uchun mulk huquqi kafolatlari sabab Rumavi global indeksida birinchi o‘rinni egalladi.
Indeks har yili ikkinchi chorak oxirida e’lon qilinadi. Unda 192 ta mamlakat to‘rtta guruhga ajratilgan 24 ta ko‘rsatkich asosida baholanadi: moliya va soliqlar, turmush sifati va salomatlik, xavfsizlik va barqarorlik, shuningdek moslashuv va imkoniyatlar.
Hujjatni tayyorlashda ko‘plab ma’lumotlar hamda ekspert baholari ishlatiladi. Masalan, umumiy hamyonboplik darajasini hisoblashda Rumavi mustaqil konsalting firmasi Jahon bankining narx ma’lumotlari va Mercer turmush darajasi so‘rovnomasini hisobga olgan. Siyosiy barqarorlikni baholashda esa Global tinchlik indeksi 2025 hamda Jahon bankining Hukumat samaradorligi ko‘rsatkichidan 50 foiz foydalanilgan.
Mamlakatlar har bir ko‘rsatkich bo‘yicha 100 ballik tizimda baholanadi. Estoniya valyuta va bank tizimi uchun 99 ball, biznes imkoniyatlari uchun 96 ball, uy-joy hamyonbopligi uchun 82 ball, yashil hududlar uchun 86 ball va ko‘chalar xavfsizligi uchun 77 ball oldi. Eng past natija iqlim qulayligi bo‘ldi: sovuq va qorong‘i qishlar sabab atigi 20 ball berildi.
Yevropaning beshta davlati global indeksning kuchli o‘nligiga kirdi. Estoniyadan keyin Portugaliya to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Portugaliya valyuta va bank sektori, xorijiy mulk huquqi hamda nizolarning past xavfi bo‘yicha yuqori ball oldi. Biroq jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha unga atigi 48 ball berildi.
Yana bir Boltiqbo‘yi davlati — Litva oltinchi o‘rinni egalladi. Rumavi unda yashil hududlar ko‘pligini va bank infratuzilmasi rivojlanganini qayd etadi. Kuchli o‘nlikni Chexiya (9-o‘rin) va Malta (10-o‘rin) yakunladi.
O‘zbekiston Rumavi indeksida 192 mamlakat orasida 110-o‘rinni egalladi. Mamlakat arzon turmush sharoitini taklif etadi, biroq biznesni rivojlantirish uchun infratuzilma yetarli emas. Raqamli ko‘chmanchilar uchun bu yerda eng maqbul sharoitlar mavjud (85-o‘rin). Oila bilan ko‘chib o‘tuvchilar esa qiyinchiliklarga duch keladi (113-o‘rin). Ayniqsa, ta’lim sifati va iqlim qulayligi bo‘yicha muammolar bor.
Qozog‘iston 62,9 ball bilan umumiy ro‘yxatda 77-o‘rinni egallab, o‘rta qatordan joy oldi, ammo Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida birinchi bo‘ldi. Mamlakat raqamli ko‘chmanchilarni jalb qiladi (60-o‘rin). Uy-joy narxlarining juda arzonligi ijobiy jihat sifatida qayd etildi. Ammo ingliz tilini bilish darajasining pastligi, startap ekotizimining sustligi va qattiq qish mavsumi salbiy tomonlar sifatida sanab o‘tildi.
Qirg‘iziston global indeksda 118-o‘rinni egalladi.
Mamlakat turmush xarajatlarining arzonligi bilan ajralib turadi, ammo muammolar ham yo‘q emas. Raqamli ko‘chmanchilar uchun bu mamlakat qulay bo‘lsa-da (105-o‘rin), siyosiy beqarorlik, startap tizimining zaifligi va keskin iqlim kamchiliklar sifatida qayd etildi.
Turkmaniston 155-o‘rinni egalladi. Bu yerda narxlar juda arzon, biroq boshqaruv tizimida jiddiy muammolar bor. Raqamli ko‘chmanchilar uchun bu nisbatan maqbul variant (149-o‘rin), tadbirkorlar uchun esa ekotizim juda kuchsiz (144-o‘rin). Bu yerga ko‘chishda qonun ustuvorligi cheklovlarini hisobga olish lozimligi ta’kidlandi.
Tojikiston 137-o‘rinda qayd etildi. Mamlakatda narxlar arzon, ammo havo sifati va mulk huquqlarini himoya qilishda katta muammolar bor. Raqamli ko‘chmanchilar uchun sharoit yaxshiroq. Shunga qaramay, ko‘rsatkichlar o‘rtacha darajadan past.
Afg‘oniston 39,5 ball bilan ro‘yxatning eng oxirgi o‘rnini egalladi. Uy-joy juda arzon bo‘lsa-da, siyosiy beqarorlik, bank tizimi va iqlim muammolari ko‘chib o‘tuvchilar uchun muammo hisoblanadi.
181 ta mamlakat ichida O‘zbekiston 98-o‘rinda qayd etilgan. Bu ro‘yxatni shakllantirishda inklyuziya — ayollarning ta’lim, bandlik, moliyaviy xizmatlar, aloqa va siyosiy hayotdagi ishtiroki; adolat — ayollarni qonuniy jihatdan himoya qilish va sud tizimidan foydalanish imkoniyati; hamda xavfsizlik — oiladagi zo‘ravonlik, jamoatdagi xavfsizlik hissi, ayollarga qarshi siyosiy zo‘ravonlik va qurolli mojarolarga yaqinlik kabi omillar hisobga olingan.

