Dunyo

Ayollar uchun eng xavfli mamlakatlar reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Ayollar uchun eng xavfli mamlakatlar reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Georgetown Institute for Women, Peace and Security hamda Oslo Peace Research Institute tomonidan tayyorlangan 2025-2026-yilgi indeks dunyoning 181 ta mamlakati va iqtisodiyotini ayollar farovonligi nuqtai nazaridan baholagan. Indeksda mamlakatlar 0 dan 1 gacha bo‘lgan ball bilan baholanadi: ball qanchalik yuqori bo‘lsa, ayollar uchun sharoit shunchalik yaxshi hisoblanadi.

Tadqiqotda 13 ta ko‘rsatkich hisobga olinadi. Ular uch asosiy yo‘nalishga bo‘lingan:

* **inklyuziya** — ayollarning ta’lim, bandlik, moliyaviy xizmatlar, aloqa va siyosiy hayotdagi ishtiroki;

* **adolat** — ayollarni qonuniy jihatdan himoya qilish va sud tizimidan foydalanish imkoniyati;

* **xavfsizlik** — oiladagi zo‘ravonlik, jamoatdagi xavfsizlik hissi, ayollarga qarshi siyosiy zo‘ravonlik va qurolli mojarolarga yaqinlik.

**Eng qulay mamlakatlar: Shimoliy Yevropa yetakchilik qilmoqda**

2025-2026-yilgi reytingda Daniya yana bir bor dunyoda ayollar uchun eng qulay mamlakat deb topilgan. Mamlakat 0,939 ball bilan 181 davlat orasida birinchi o‘rinni egallagan. Kuchli beshlikning barchasini Shimoliy Yevropa davlatlari tashkil etadi:

* Daniya — 1-o‘rin, 0,939 ball

* Islandiya — 2-o‘rin, 0,932 ball

* Norvegiya — 3-o‘rin, 0,924 ball

* Shvetsiya — 3-o‘rin, 0,924 ball

* Finlyandiya — 5-o‘rin, 0,921 ball

Keyingi o‘rinlarda Lyuksemburg, Belgiya, Niderlandiya, Avstriya va Yangi Zelandiya joylashgan. Ya’ni reytingning eng yuqori o‘nligidagi barcha mamlakatlar rivojlangan davlatlar guruhiga kiradi.

Bu mamlakatlarning yuqori o‘rinda turishiga faqat ayollarning xavfsizligi emas, balki ta’lim va bandlikdagi imkoniyatlar, moliyaviy mustaqillik, siyosiy vakillik, huquqiy himoya va jamiyatdagi xavfsizlik kabi ko‘plab omillar ta’sir qiladi.

Biroq yuqori reyting ham mamlakatda ayollar bilan bog‘liq barcha muammolar hal qilinganini anglatmaydi. Masalan, Finlandiya WPS indeksida yuqori o‘rinda turganiga qaramay, ayrim xavfsizlik ko‘rsatkichlarida boshqa rivojlangan mamlakatlardan ortda qoladi. Demak, indeksning afzalligi shundaki, u mamlakatni faqat bitta mezon asosida emas, balki bir vaqtning o‘zida 13 ta ko‘rsatkich orqali baholaydi.

**Ayollar uchun eng og‘ir sharoit qaysi davlatlarda?**

2025-2026-yilgi WPS Index bo‘yicha eng past ko‘rsatkichga ega davlatlar:

* 181-o‘rin — Afg‘oniston, 0,279

* 180-o‘rin — Yaman, 0,323

* 179-o‘rin — Markaziy Afrika Respublikasi, 0,362

* 178-o‘rin — Suriya, 0,364

* 177-o‘rin — Sudan, 0,397

* 176-o‘rin — Gaiti, 0,399

* 175-o‘rin — Kongo Demokratik Respublikasi, 0,405

* 174-o‘rin — Burundi, 0,407

* 173-o‘rin — Janubiy Sudan, 0,411

* 172-o‘rin — Myanma, 0,442.

Afg‘oniston bu reytingda ketma-ket eng past ko‘rsatkichlardan birini qayd etib kelmoqda. 2025/26-yilgi indeksda mamlakatning bali atigi 0,279 bo‘lgan. Taqqoslash uchun, birinchi o‘rindagi Daniyaning ko‘rsatkichi 0,939. Ya’ni Daniya va Afg‘oniston o‘rtasidagi farq juda katta. Hisobot mualliflari Daniya ko‘rsatkichi Afg‘onistondan uch baravardan ko‘proq yuqori ekanini qayd etadi.

Indeksning eng quyi o‘nligidagi mamlakatlarda vaziyatga qurolli mojarolar, siyosiy beqarorlik, ayollarning ta’lim va mehnat bozoridagi imkoniyatlarining cheklanishi, huquqiy himoyaning zaifligi hamda zo‘ravonlik xavfi kabi omillar katta ta’sir ko‘rsatmoqda.

**Markaziy Osiyoda vaziyat qanday?**

Markaziy Osiyo davlatlari reytingning o‘rtalarida joylashgan. Besh davlat ichida eng yuqori natijani Qozog‘iston, eng past natijani esa O‘zbekiston qayd etgan.

* 72-o‘rin: Qozog‘iston 0,722

* 74-o‘rin: Turkmaniston 0,720

* 84-o‘rin: Qirg‘iziston 0,697

* 89-o‘rin: Tojikiston 0,685

* 98-o‘rin: O‘zbekiston 0,674

**O‘zbekiston — 98-o‘rin....**

O‘zbekiston 181 mamlakat orasida 98-o‘rin, 0,674 ball bilan qayd etilgan. Mamlakatda 25 yoshdan katta ayollarning o‘rtacha ta’lim muddati 11,8 yil, 25–64 yoshdagi ayollarning bandlik ko‘rsatkichi esa 44,7 foizni tashkil etadi.

Ayollarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘rsatkichi 38,8 foiz, mobil telefondan foydalanish ko‘rsatkichi 77 foiz bo‘lgan. Parlamentdagi ayollar ulushi esa 34 foizga teng.

Huquqiy ko‘rsatkichlarda O‘zbekistonning ayollarni diskriminatsiyadan himoya qiluvchi qonunchilik bo‘yicha bali 82,5ni tashkil etgan. Sud tizimidan foydalanish va huquqiy himoyaga ega bo‘lish imkoniyati esa 1,8 ball bilan baholangan.

Xavfsizlik bo‘yicha indeksda O‘zbekiston uchun turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlik ko‘rsatkichi 11,2 foiz, ayollarning o‘z yashash hududida kechasi yolg‘iz yurishni xavfsiz deb hisoblash ko‘rsatkichi esa 81 foizni tashkil etgan.

**Reytingda yana bir qiziq natija: BAA 20-o‘rinda**

Indeksdagi e’tiborga molik natijalardan biri — Birlashgan Arab Amirliklarining 20-o‘rinni egallagani. BAA 0,872 ball bilan Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya va AQSH kabi davlatlardan yuqorida joylashgan.

AQSH esa 31-o‘rinda, 0,840 ball bilan qayd etilgan. Yaponiya 22-o‘rin, Fransiya va Buyuk Britaniya 23-o‘rin, Germaniya 21-o‘rin, Janubiy Koreya esa 37-o‘rinni egallagan.

Bu natijalar reyting faqat “boy mamlakat = ayollar uchun eng yaxshi mamlakat” degan oddiy formulaga asoslanmasligini ko‘rsatadi. Chunki tadqiqot iqtisodiy imkoniyatlardan tashqari qonun, adolat, xavfsizlik, zo‘ravonlik, siyosiy ishtirok va mojarolarga yaqinlik kabi omillarni ham hisobga oladi.

**Dunyo bo‘yicha vaziyat yaxshilanmayaptimi?**

Tadqiqotning eng xavotirli xulosalaridan biri — ayollar mavqeyini yaxshilash borasidagi global taraqqiyot sekinlashib, deyarli to‘xtab qolganidir.

Indeks 2017-yildan beri muntazam tuzib kelinadi. 2025-2026-yilgi hisobotda mualliflar ayollar maqomidagi global o‘sish katta darajada turg‘unlashganini qayd etadi. Shu bilan birga, dunyoda qurolli mojarolar ko‘payishi ayollar xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda qariyb 676 million ayol qurolli mojaro ta’siriga uchragan. Bu 2010-yilga nisbatan 74 foizga ko‘p va tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.

Shu sababli “ayollar uchun eng qulay mamlakat” tushunchasini faqat jinoyatchilik darajasi yoki ko‘cha xavfsizligi bilan o‘lchash to‘g‘ri emas. Ayolning xavfsizligi — uning ta’lim olishi, ishlashi, daromad va bank hisobiga ega bo‘lishi, siyosiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etishi, qonun oldida tengligi, zo‘ravonlikdan himoyalanishi va urushlardan xoli muhitda yashashi bilan chambarchas bog‘liq.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.