Layfstayl

“Yashash-shin Ishtalin!” Muhammad Yusufning sovet senzurasini dovdiratgan asari

“Yashash-shin Ishtalin!” Muhammad Yusufning sovet senzurasini dovdiratgan asari

Mendan nima qolar,

Ikki misra sheʼr,

Ikki sandiq kitob,

Bir uyum tuproq...

Bu sheʼrning davomini bilishingizga ishonchim komil, muallif uni qirq yoshga endi kirgan paytida, erta ketgan doʻsti — shoir Shavkat Rahmon xotirasiga bagʻishlab yozgan edi. Oʻshanda oʻzi ham xuddi shunday erta va kutilmaganda ketishini bilarmidi-bilmasmidi, buni endi hech kim aniq aytib berolmaydi.

Tabiat bilan sirlashib ulgʻaygan bu bolakay qanday qilib oʻzbekning erka va bunchalik xalqqa yaqin shoiriga aylandi? Uning samimiy tabassumi ortida qanday iztiroblar yashiringan? Xalqning yuragidan urgan shoirni ajal ham yuragidan tutib olib ketgani tasodifmidi yoki bu uning aniq qismat tenglamasining javobimi? Avvalo Muhammad Yusuf hikoyasi qayerdan boshlanganini bilib olaylik, qolganlari ham qadam-baqadam oydinlashadi...

### Qovunchidan chiqqan yoʻl

1954-yil 26-aprel. Andijon viloyati, Marhamat tumanining Qovunchi qishlogʻida tugʻilgan Muhammadjonning bolaligi dalalar, yalpizlar va bedapoyalar bagʻrida oʻtdi. Uning qalbida sheʼriyatga bo‘lgan olov oddiy havas emasdi. Onasi Enaxon ayaning eslashicha, Muhammadjon oʻsmirlik chogʻida tushida Hazrati Xizrni koʻradi. Ariq boʻyida oʻtirgan bolakay yoniga kelgan nuroniy zot unga qarab duo qiladi: “Yoz, oʻgʻlim, albatta, niyatingga yetasan!” Buni fakt sifatida qabul qila olmaymiz, lekin shoirning hayot yoʻliga qarab, yolgʻon deb ham boʻlmaydi.

Yosh ijodkor 1973-yilda oʻrta maktabni aʼlo baholarga tugatib, poytaxtdagi Rus tili va adabiyoti institutiga — hozirgi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga oʻqishga kiradi. Talabalik yillaridayoq, 1976-yilda, uning ilk sheʼrlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida chop etiladi. Yigirmaga toʻlmagan yigitning ismi shu tariqa ilk bor gazeta sahifasida koʻrinadi.

Kechagina qishloqdagi qizlarning bari.

Menga sirli qoshlar qoqib qarashardi.

Qarashmasa, uylariga tunda borib,

Toshlar otib qochar edim, yarashardi.

Sahargacha atrofida aylanishib,

Dilxun uyga qaytar edim, bilishardi.

“Kimni kutib turibdi bu yigitcha”, deb,

Devor osha moʻralashib kulishardi ....

### Bekatda qolgan soʻz

1978-yilda institutni tugatib, harbiy xizmatni oʻtab qaytgach, u avval respublika Kitobsevarlar jamiyatida, keyin 1980-yildan olti yil davomida “Toshkent oqshomi” gazetasida muxbir boʻlib ishlaydi. Aynan shu davrda, Navoiy koʻchasidagi nashriyotlar binosi oshxonasi oldida, sochi mayda oʻrilgan, doʻppili bir qizni koʻrib qoladi. Talaba qiz — Nazira — hatto unga qaramay oʻtib ketadi. Ammo yigit shu zahoti doʻstlariga qatʼiy qilib: “ Mana shu qiz mening taqdirim. Koʻrasizlar, shu qizga, albatta, uylanaman! ” deydi.

Shoir qizni kuzatadi, tramvay bekatlarida uni poylab yuradi, ammo gaplashishga jurʼat etmaydi. (Oʻrtada Muhammad Yusuf armiyaga ketgani sabab 2 yillik uzilish ham boʻladi.) Oʻsha kunlarning izi keyinroq sheʼrlarga ham koʻchadi:

Bekatlarda men qolarmanda,

Aytar soʻzim qolib ketadi.

Tramvaylar seni har kuni

Bodomzorga olib ketadi.

Termulaman, izlaridan jim,

Boqib koʻzim tolib ketadi.

Bodomzorga seni har kuni

Tramvaylar olib ketadi.

Nihoyat 1983-yilda ular turmush quradi. Ketma-ket uch qizlari — Maʼsuda, Nozima va kenjasi Madina dunyoga keladi. Uchinchi marta ham qiz koʻrib xafa boʻlgan rafiqasiga u tugʻuruqxonaga xat yuboradi: “Olloh hatto paygʻambarlarimizni ham qiz bilan siylagan. Siz menga paygʻambarlar baxtini ato etdingiz.” Kenja qizi tugʻilgan yili, 1985-yilda, uning ilk sheʼriy kitobi — “Tanish teraklar” bosmadan chiqadi.

Ijod unga hech qachon oson kelmagan. Sheʼr tugʻilayotgan pallalarda u hech kimni, hatto qizlarini ham koʻrmay qolardi. Bir kuni u ijod qilayotganida qizi Nozima yugurib kelib tizzasiga oʻtiradi. Ijodiy xayoldan birdan oʻziga kelgan shoir qiziga ovozini koʻtarib yuboradi. Buni kutmagan Nozima xafa boʻlib xonadan chiqib ketadi. Ayoli baland ovozdan choʻchib xonaga yugurib kirganida esa shoir qoʻlidagi ruchkani sindirib tashlaydi, Muhammad Yusufning koʻzlari yoshga toʻlgan edi. Keyin u qizining ortidan borib, uni oʻpib, kechirim soʻraydi.

Kechasi esa yana ijodga shoʻngʻiydi — tongga borib rafiqasi stol ustida yangi sheʼrni topadi. Sheʼr shunday boshlanadi:

Shuhratga oʻch boʻlsam kerak men gumroh,

Yolgʻon boʻlsa kerak dilda nolam ham.

Toʻpori baytlarim bitar paytim goh,

Koʻzimga koʻrinmay qolar bolam ham.

Sheʼr esa oʻzini ayovsiz sudlagan bu satrlar bilan yakunlanadi:

Ular sheʼr yozmasin hech menga oʻxshab,

Mendan nafi koʻproq tegar elimga.

Shoh asar boʻlsa ham, tupurdim oʻsha –

Bolamni yigʻlatib yozgan sheʼrimga.

### “Bosh qolmadi doʻppiga loyiq”

Kitobi chiqqach, unga “Darxon” mahallasidan uy berishadi, ammo shuhrat tinch kelmaydi — bu mustabid tuzum ijodkor yoshlarning har bir satrini sinchiklab kuzatib turgan davr edi.

Bir kuni hamkasbi, “Yoshlik” jurnalida ishlovchi yozuvchi Murodjon Mansurov jurnalning xomaki nusxasini tegishli idoraning masʼul xodimiga olib boradi. Xodim uning boshidagi ohori toʻkilmagan doʻppisiga istehzo bilan uzoq tikiladi-da, ijirgʻanib bir necha sheʼrga eʼtiroz bildiradi. Xafagazak qaytayotgan Murodjon aka yoʻlda Muhammad Yusufni uchratib, voqeani aytib beradi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan rasm

Yosh shoir: “Gʻaroyib ish boʻlibdi, xafa boʻlmang, Murodjon aka” , deb miyigʻida kulib qoʻyadi, ichida esa boshqa bir satr allaqachon pishayotgan edi. Oradan koʻp oʻtmay, aynan shu voqea asosida “Doʻppi” sheʼri tugʻiladi — doʻsti boshiga tushgan xoʻrlikka javoban yozilgan bagʻishlov.

Doʻppi kiymay qoʻydi odamlar,

Bir shoir, bir nosirdan boshqa.

Sochlar silliq,

Silliq qadamlar,

U ogʻirlik qilyapti boshga...

Bu qandayin koʻrgulik savdo,

Doʻppi kiymay qoʻydi xaloyiq.

Boshga loyiq doʻppi yoʻqdir yo

Bosh qolmadi doʻppiga loyiq.

Bu sheʼr 1980-yillarda Yozuvchilar uyushmasidagi katta bir mushoirada oʻqilganda, zal qarsaklarga toʻladi. Yozuvchi Muhammad Ali oʻsha kunni shunday eslaydi:

Qorachadan kelgan notanish yigitcha minbarga chiqib, taniqli shoirlar qatorida turib bir zumda hammani ortda qoldirdi — xalq tilida aytganda, “uloqni olib ketdi”.

Oradan besh-olti yil oʻtar-oʻtmas “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” bilan “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” va “Koʻnglimda bir yor” (1990), “Bevafo koʻp ekan” (1991), soʻng “Yolgʻonchi yor” va “Erka kiyik” — kitob ustiga kitob bosiladi.

“Uyqudagi qiz” toʻplami uchun 1989-yilda unga Respublika Yoshlar mukofoti beriladi. Adabiyotshunos Ozod Sharofiddinov keyinroq bu davr haqida shunday yozadi: Muhammad Yusuf “xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga oʻxshamagan misralarda taʼriflagan sheʼrlari bilan tanildi”.

Ammo aytganimday, tez kelgan shuhrat tez hasadni ham keltiradi: baʼzi tengdoshlari uning sheʼrlarini “ roʻzgʻorbop ”, ijodida “ yangilik yoʻq ” deb kamsitishga urinishardi. Bir kuni nashriyotdan tushkun holatda chiqib ketayotganida, Shukur Qurbon shoirning ahvolini koʻrib unga Sergey Yeseninning xuddi shunday tanbehlarga bergan javobini eslatadi: “Ular yozayotgan shakllarda ham juda yozganmiz. Endi oʻz yoʻlimizni topib oldik. Ular bilmaydilarki, biz toʻgʻri yoʻldamiz, biz hali hammasidan oʻtamiz!!!” Shu kundan “Bilmaydilarki...” soʻzi ular orasida maxfiy parolga aylanadi — u har safar hol-ahvol soʻralganda shuni takrorlaydigan boʻladi.

### Qora quyosh, Erka ohu va Ishtalin

Shu yillarning oʻrtalarida — 1988-yilda, hali “qayta qurish” soʻzi ham toʻliq erkinlik bermagan bir paytda — u sheʼriyatda koʻpchilik jurʼat etmagan mavzuga qoʻl uradi. “Qora quyosh” dostoni arxiv hujjati bilan boshlanadi: 1946-yilda, aftidan Sibirdagi bir surgun manzilidan singlisi Qumriga yozilgan, imzosida faqat “Akmal” degan ism qolgan bir mahbus xatidan. Muallif izohida buni “tasodifan topib olganini” aytadi — nasr bilan sheʼrni, hujjat bilan lirikani qorish­tirgan bu usul dostonga noyob hujjatlilik kuchini beradi.

Doston sahifama-sahifa xalq tanasidagi eng ogʻriqli joylarga tegadi. Bir bobda Stalin nomini toʻgʻri talaffuz qilolmay, xalq oldida “Ishtalin” deb yuborgani uchun otib tashlangan soqov bor:

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan rasm

Soqovni qamashdi,

Soqov “dushman”ni,

Siyosiy savodsiz,

Anqov dushmanni…

Qamashdi,

Bir kunda,

Paysalga solmay.

Aybi aniq edi,

Aybi maʼlum edi,

U dohiy otini

Toʻgʻri aytolmay,

Hammaning oldida

“Ishtalin” dedi!

Soqchiga moʻltirar Soqov,

Qaltirar,

Oʻldirishar endi,

Uni oʻldirar.

Qoldi uy,

Qoldi — gʻurbatxonasi.

Gʻurbatxonasida — Qari onasi.

Yana bir zot ketdi,

Shunday qilib —

Soqovning boshiga

Yetdi oʻz tili…

Oʻrmonda otishdi,

Qor edi qalin.

Yiqildi.

Hayqirib: Yashash-shin Ishta-lin!

Boshqa bir joyda esa hech qachon koʻrmagan odamning “dumi” sifatida surgun qilinib, aynan oʻsha surgunda unga birinchi bor yuzma-yuz kelgan mahbus haqida hikoya bor.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan rasm

— Sizni nega qamadilar, birodar?

— Sulaymon Azimovning “dumi”san, deb!

— Kimning-kimning?

— Aytdimku, Azimovning…

Anchadan keyin biroz oʻzimga kelib, sekin borib yelkasidan quchdim:

— Uni taniysizmi?

— Yoʻq, koʻrmaganman…

— Unda keling, tanishvolaylik, — dedim. — Men oʻsha siz aytgan odam!.. (Markazqoʻmning sobiq kotibi Sulaymon Azimovning xotiralaridan)

Yana bir bobda ota-onasi Sibirga surgun qilingan bolakay tilidan aytilgan mashʼum savol-javob bor — xalq ogʻzaki ijodidagi alla va yigʻi ohangida yozilgan:

— Otang qani, bolam-ov?

— Otam Sibirga ketgan.

— Onang qani, bolam-ov?

— Onam ham birga ketgan…

— Akang qani, bolam-ov?

— U dunyoda uxlaydir.

— Ukang qani, bolam-ov?

— Koʻkrak soʻrab yigʻlaydir…

Qoʻlyozmasini boshliq pechkaga tashlagach devorga bosh urib halok boʻlgan nomaʼlum adib ham bor:

Soddadil adib, unga qoʻlyozmani uzatdi. Boshliq qoʻlyozmani oldiyu gurillab yonib turgan pechkaning ichiga otdi… U yana oʻsha zax va qorongʻi xonada oʻziga keldi. “Bu ablahning oldiga meni kim boshlab bordi? Oyoqlarimmi? Men ularni hoziroq kesib tashlayman. Nahot shuncha xoʻrliklarni koʻrib ham koʻzim ochilmadi! Nahot, bu boshda zarra aql boʻlmasa! Nahotki, u meni jalloddan yordam soʻrab borishga undadi! Hozir… Hozir!…”

U dast oʻrnidan turib, yugurib borib, zarb bilan boshini devorga urdi. Urdi va yana uraverdi. Joni chiqib ketguncha uraverdi!.. Kim edi bu adib? Qodiriymi?.. Choʻlponmi? Yoki Usmon Nosirmi?!.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan rasm

Doston oxirida esa Stalinning oʻziga bergan bahosi oʻzbek sheʼriyatida tengi kam bir formulaga aylanadi:

Menga juda aziz

Uning siymosi,

Bir qarasam,

Yoʻqdek sira qiyosi.

U bir bagʻri daryo,

Bir bagʻritoshdir,

U bir quyosh

Ammo — Qora quyoshdir!

Bu ikki qarama-qarshi tuygʻuni — bir vaqtning oʻzida qoʻrquv va nafratni — bitta satrga sigʻdirgan formula edi, va aynan shu ikkilanish tufayli doston sovet senzurasidan omon oʻtib, xalqqa yetib boradi.

Shu ogʻir mavzudan soʻng, xuddi nafas rostlagandek, u butunlay boshqacha, yengil va mayin sheʼrlar ham yozadi. Ulardan biri — oʻziga xos ohangdor takrorlash usulida bitilgan “Erka kiyik” — shunday boshlanadi:

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam,

Majnun boʻlib sahrolarga yetalasam,

Bu dunyoda birday gʻarib men ham, sen ham,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Sening koʻzing qora, mening koʻzim qora,

Sening bagʻring yara, mening bagʻrim yara,

Bu dunyoda sen bechora, men bechora!..

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan rasm

Bu sheʼr 1993-yilda kichkina bir taqdir hazilini ham boshdan kechiradi. Qibraydagi mashhur hofiz Faxriddin Umarov uni qoʻshiqqa solmoqchi boʻlib oʻqib, kutilmagan bir kuzatuv bildiradi: kuylanganda “Erka kiyik” soʻzi tinglovchi qulogʻiga “Erkak kiyik” boʻlib eshitiladi, holbuki “kiyik” bilan “ohu” bitta jonzot — nega oʻshani ishlatmaslik kerak? Shoir bir ogʻiz “Maʼqul!” deydi, xolos. Shu-shu, oʻsha sheʼr qoʻshiq boʻlganda “Erka ohu” nomi bilan minglab yurakka kirib boradi, oradan yillar oʻtib esa uni bir necha qoʻshiqchilar kuyga solishadi.

Ammo ularning aksariyatida “Erka(k) kiyik” jumlasi qolib ketgan. Nima ham derdik, isteʼdodli va usta ijodkor oʻrtasida farq bor.

### “Otangiz, onangiz tushunmasa...”

Mustaqillik yillari uning ijodida yangi bosqich ochadi. “Vatanim” sheʼri shunday boshlanadi:

Men dunyoni nima qildim, Oʻzim yorugʻ jahonim,

Oʻzim xoqon, Oʻzim sulton, Sen taxti Sulaymonim,

...Oʻzing mening ulugʻlardan Ulugʻimsan, Vatanim…

— bu yerda u yurtini shoh va taxtdan ham yuqori qoʻyadi. Ammo u faqat vatanni madh etuvchi shoir emasdi. “Oʻzbek” sheʼrida avval onasini paxta paykalida yetti bukilgan holda tasvirlaydi:

Sen paxta terarding yetti bukilib,

Paykalingda eding ey onajonim.

Oʻzbekmisiz, deya gʻalati kulib,

Mendan soʻrab qoldi bir tannoz xonim.

— soʻng esa xalqning sukutiga, itoatkorligiga ochiqdan-ochiq isyon koʻtaradi:

Sen nega Qrimga bormaysan yozda,

Yoki sen otangning oʻgay oʻgʻlisan?!

Soʻksa indamaysan, qoʻymi-toʻqlisan,

Ursa yigʻlamaysan, demak — oʻgʻrisan!

Adabiyotshunoslar bu satrlarni Choʻlponning “Ay tutqunlar… ay ezilgan” degan xalq murojaatiga qiyoslashadi — ikkalasida ham lirik qahramon oʻz xalqiga toʻgʻridan-toʻgʻri, hech ikkilanmay yuzlanadi. “Men adabiyotga ijtimoiy shoir boʻlib kirib kelganman”, deydi u keyinroq bir suhbatda.

Sheʼrni u kitobdan emas, hayotdan izlaydi: “Men sheʼrni faqat koʻchadan izlab, koʻchadan topaman... Sheʼr, bu — shirin dard, azob. Shoir shu dard bemori.” Shuningdek, u jimjimador soʻzlarni ham yoqtirmasdi, chunki uning fikricha, sheʼrni “otangiz, onangiz tushunmasa, nima keragi bor?”

1996-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanadi, 1997-yildan Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari boʻlib ishlaydi — yosh ijodkorlarga ustozlik qilish umrining soʻnggi yillarida asosiy mashgʻulotlaridan biriga aylanadi. 1998-yilga kelib esa “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvonini oladi — oʻsha paytda mamlakat tarixida bu unvonga sazovor boʻlgan eng yosh ijodkor edi.

### Ellikqalʼa tasodifi

2000-yillar boʻsagʻasida u tez-tez Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa tumaniga — Tuproqqalʼa va Ayozqalʼa xarobalari joylashgan qadim yurtga boradi. Shu yerdagi botanika bogʻida oʻz qoʻli bilan bir eman koʻchatini oʻtqazib, bogʻ mudiriga yarim hazil-yarim jiddiy shunday deydi: “Bu daraxtni besh yuz yil yashaydi deyishadi. Lekin uni ekkan odam daraxt umrining oʻndan birini yo yashaydi, yo yashay olmaydi. Demoqchimanki, ellik yoshga yo kiraman, yo kirolmayman.” Afsuski, u rostdan ham ellikka yetmaydi.

Qoʻrqaman, ertaga men oʻlib ketsam,

Yotar boʻlsam qumga botib koʻzlarim,

Koʻnglimni koʻchkiday bosadi bir gʻam –

Yigʻlashni ham bilmas mening qizlarim…

Eng yaqin doʻstlarim gʻiybatim qilar,

Eng zaif dushmanim ustimdan kular.

Ularku, ne qilsa oʻzlari bilar,

Yigʻlashni ham bilmas mening qizlarim…

2001-yil 31-iyul kuni u Ellikqalʼada muxlislari bilan uchrashuv chogʻida minbarga chiqadi, biroq bir ogʻiz soʻz aytolmay yerga qulaydi — shoirning yuragi butunlay toʻxtaydi. U qirq yetti yoshda edi. Tanini Andijon tuprogʻiga qoʻyishadi. Ellikqalʼa botanika bogʻidagi eman esa bugun ham oʻsib turibdi, egasidan ancha uzoq umr koʻrmoqda. Biz esa shoirning sheʼrlari emandan ham koʻproq xalq yodida yashashiga umid qilamiz.

Koʻklarda koʻk kaptar qushdaymiz, jonim,

Qaygʻurma, kel koʻngil xushlaymiz, jonim.

Mening tanishim yoʻq narigi dunyoda,

Baribir jannatga tushmaymiz, jonim...

Yorugʻ dunyoda kim yashaydi toʻyib,

Umr oʻtib ketgay kiprik qoqquncha:

Onang koʻksiga bir boshingni qoʻyib,

Bolang koʻziga bir kulib boqquncha...

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.