Layfstayl

“Yovga ters qaragan musulmon emas!” — maddohlar piyolasini sindirgan shoir

“Yovga teskari qaragan musulmon emas!” — maddohlar piyolasini sindirgan shoir

U yuzini burdi: “Nega keldingiz?”

Bu shunchaki norozilik emasdi. Bu — butun umri davomida tog‘lardek viqorini saqlab kelgan, birovning oldida sarg‘ayish tugul, sovetning “plan”iga ham bo‘ysunmagan isyonkor ruhning chorasizlik oldidagi noroziligi edi. Xonada havo tugab borayotgandek, go‘yo butun koinotdagi kislorod kimdir tomonidan atayin so‘rib olingan. O‘zbek she’riyatiga qilichdek keskir misralarni olib kirgan, yolg‘on va maddohlikdan iborat qasidabozlikning tomiriga bolta urgan 46 yoshli zabardast shoir Shavkat Rahmon o‘lim to‘shagida yotar, bir qultum havoga zor bo‘lib, saraton degan bedavo dard bilan yakkama-yakka olishmoqda edi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Zamondoshi Asqar Mahkam xotirlaganidek, ketmonchinikiga o‘xshash baquvvat qo‘llariga botgan ignalarning son-sanoqsiz izlari tok zangiga o‘xshab ketar, o‘shlik musavvir polotnosidan boqib turgan burgut nigohlardan asar ham qolmagan. U shafqat tilamasdi, unga taskin ham kerak emasdi. U har qanday soxtalikdan, hatto o‘lim oldidagi soxta yupanchlardan ham hazar qilardi.

Bu osmon osmonmi,

temir pardami,

bu yog‘du sinchlari tizilgan dormi?

Munchalar egildi qora gardani...

juvonmarg bo‘lgurlar,

jo‘marding bormi?!

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: qanday qilib Pomir tog‘lari etagidan chiqqan, bolaligida qorako‘z qo‘ylarga ergashib yurgan yigitcha tig‘dek shoirga aylandi-yu, nega munofiqlikka, mahalliychilik va jasoratsizlikka qarshi kurashgan inson o‘zi umrining so‘nggida bir qultum havoga zor bo‘lib jon berdi?

G‘isht zavodidagi bolalik va rad etilgan orzular

1950-yilning 12-sentyabri. O‘sh shahrining “Pomir” mahallasi. Savdogar Rahmonberdi va Oftobxon oilasida dunyoga kelgan Shavkatning bolaligi tog‘larning asov shamollari ostida toblanib o‘tdi. Ota-onasi oylab yaylovlarda savdo bilan band bo‘lar, ro‘zg‘orning bor yuki qaysar, kamgap, ammo g‘ururi osmon qadar baland bolakayning zimmasiga tushardi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

U shunchaki xayolparast shoirtabiat bola emasdi — u mehnatning qadoq qo‘llarida o‘sdi. 13 yoshida g‘isht zavodida ishlab, o‘z qo‘llari bilan hovlisida imorat tiklagan yigitcha aslida kelajakda o‘zbek she’riyatining ham poydevorini o‘zgartirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

1966-yilda maktabni bitirib, Toshkent davlat universitetiga hujjat topshiradi. Biroq poytaxt eshiklari unga osonlikcha ochilmadi — u ketma-ket ikki yil tanlovdan o‘tolmadi. U omadsizlikdan sinmadi, O‘shga qaytib gazeta tahririyatida harf teruvchi, musahhih bo‘lib ishladi. Aynan shu yerda shoir Tursunboy Adashboyev bilan tanishdi. Matbuotda Moskvadagi Adabiyot institutiga tanlov e’lon qilingach, Shavkat o‘z she’rlarini ruschaga qoralama tarjima qilib jo‘natdi. Va kutilmaganda: “Siz tanlovdan o‘tdingiz, Moskvaga yetib keling” degan telegramma uning uchun dunyo minbarlariga yo‘llanma bo‘ldi.

Ajoyib kunlarning birida

Uyg‘onib ketaman uyqudan -

Yurakning eng chuqur yerida

Og‘riqqa aylangan tuyg‘udan.

Men qo‘shiq bo‘laman daryoday

Yurakning eng chuqur yerida.

Boqaman dunyoga dunyoday

Ajoyib kunlarning birida.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Moskva — ulkan qozon. Halima Xudoyberdiyeva, Murod Muhammad Do‘st kabi yirik iste’dodlar bilan bir dargohda tahsil olgan Shavkat Rahmon bu yerdan yaltiroq qog‘ozlarga o‘ralgan shiorlarni emas, balki so‘zning haqiqiy vaznini, ta’mini his qilib qaytdi. 1975-yilda u Toshkentga butunlay boshqacha yondashuv — temirdek intizom va murosasiz estetik mezonlar bilan kirib keldi.

“Obshiy vagonning dami chiqdi”

1975-yil. Toshkentga qaytgan Shavkat Rahmon nashriyotlarda ish boshladi. O‘sha davrdagi G‘afur G‘ulom nashriyotining she’riyat bo‘limi yosh shoirlar bilan qaynardi. Shavkat Rahmon xonaga quruq she’r emas, o‘zining bukilmas prinsiplarini ham olib kirdi. Qutlibeka Rahimboyeva o‘z xotiralarida shoirning qanday ulug‘vor tiynat egasi bo‘lganini eslaydi.

U ayollarni chuqur ehtirom qiladigan, ammo buni doston qilmaydigan kishi edi. Bir kuni nashriyot xonasiga kirgan erkak tanishlaridan biri Qutlibekadan qarz so‘raydi. Buni ko‘rgan Shavkat Rahmonning rangi o‘zgarib, tashqariga otiladi. Ko‘p o‘tmay koridorda uning qattiq ovozi eshitiladi: “To‘rt muchangiz sog‘, devday bo‘lib mushtday qizdan qarz so‘ragani uyalmayapsizmi?!” Bu uning tiynati edi — nomardlikni, maydalikni qabul qilolmasdi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Yana bir voqea. Nashriyotdagi she’riyat shkafini xodimlar poyezd vagonlariga o‘xshatishardi. Asl kitoblar “kupe”, o‘rtachalar “plaskart”, qofiyabozlikdan iborat xalturalar esa “obshiy vagon”ga taxlanardi. Bir kuni o‘sha xalturalar tiqilaverganidan “obshiy vagon” shkafi sinib, qog‘ozlar polga sochilib yotgan paytda, navbatdagi qofiyakash she’rlarini ko‘tarib kelib qoladi. Shunda Shavkat Rahmon hech ikkilanmay:

“Obshiy vagonning dami chiqib ketgan. Hozircha chipta sotilmaydi”,

deya qochirim qiladi. U adabiyotni chiqindixonaga aylantirmoqchi bo‘lganlarni jinidan yoqtirmas edi.

Uning nafrati shu qadar toza ediki, xushomadgo‘y va maddoh kimsalar bilan bir havodan nafas olishni ham istamasdi. Bir kuni rahbarlarga tilyog‘lamalik qilib kun ko‘radigan, hamma joyga poxol to‘shab yuradigan yozuvchinamo shaxs ularning xonasida choy ichib ketadi. Shavkat Rahmon Qutlibekadan so‘raydi: “Mening piyolamda haligi choy ichdimi?”. “Ha, keyin tuz bilan yuvib keldim” degan javobni eshitgach, indamay qo‘lidagi o‘z piyolasini “qars” etkizib ikkiga bo‘ladi-da, chiqindi idishiga tashlaydi. U riyokorlik bilan bir idishdan suv ichishni ham o‘ziga or deb bilardi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Tabiiyki, tahririyat eshigini tepib kirishga o‘rganib qolgan yaltiroq shoirlar bunga chiday olmadi. Unga qarshi hujumlar boshlandi. “Qishloq haqiqati” gazetasida to‘shakda yotgan bemor shoir (Anvar Isroilov) nomidan Shavkat Rahmonga qarshi ochiq xat uyushtirildi. Boshqa gazetada uni oshkora “millatchilik”da aybladilar. Yozuvchilar uyushmasida maxsus yig‘ilishlar o‘tkazilib, uning so‘zlaridan, istioralaridan tagma’no axtarishga tushdilar.

Ammo shoir o‘z so‘zini aytib bo‘lgan edi:

Qarsak nima o‘zi?

Ikkita kaftning

orasidan potrab chiqadigan sas,

xohlasam chalaman, xohlamasam yo‘q,

qarsak menikidir, sizniki emas.

... Vijdonsiz shoirlar ko‘paygan juda,

yurakni so‘z bilan yondirguvchi kam,

xalqimas,

shuhratni o‘ylab so‘ylagan

ahmoqqa bermayman qarsagimni ham.

Qul emasman deb o’zimni ishontiraman Lorka

Shavkat Rahmon qullik psixologiyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi edi. Kuz oylarida hamma qatori ziyolilarni ham paxtaga, uzum uzishga haydashardi. Hamma bir amallab kunni kech qilsa, u terlab-pishib tushgacha normani (40 chelak uzumni) to‘ldirib qo‘yardi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Nega o‘zingizni buncha qiynaysiz deyishganda, u shunday degandi:

Qo‘yavering, men o‘zimni yarim kun ozod his etaman. Yarim kun ixtiyorim o‘zimda, qul emasman, deb o‘zimni ishontiraman. Bo‘lmasa, qanaqa qilib qullikda she’r yozib bo‘ladi?

U xuddi o‘zi kabi erkinlikni eng oliy qadriyat deb bilgan, ozodlik uchun jon bergan ispan shoiri Federiko Garsia Lorkaga ruhan bog‘lanib qolgandi. U Lorkani ruschadan tarjima qilishga or qildi: “O‘zbeklar Lorkani o‘rislar qanday gapirtirsa, shuni rost ekan deb o‘tib ketishmasin”, derdi. U atayin ispan tilini o‘rgandi. Kechalari yodlagan ispancha so‘zlari tushiga kirib chiqardi. 1986-yilda Ispaniyaga safar qilib, she’rlar tug‘ilgan tuproqni his qilib qaytdi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Shavkat Rahmonning tarjimaga muhabbati doʻstlar davrasida oʻziga xos ijodiy tortishuvlarga ham sabab boʻlardi.

Xurshid Davron xotirlaganidek, bir kuni yosh shoirlar orasida tarjima bahsi kelib chiqadi. Xurshid Davron hazillashib: “Men Lorkani sizdan zoʻr tarjima qilaman!” deganda, Shavkat Rahmon mutlaqo jiddiy ohangda: “Qoʻlingizdan kelmaydi,” deb kesib tashlaydi. Bahsga nuqta qoʻyish uchun hakamlikni Usmon Azim oʻz boʻyniga oladi: ikki ijodkorga Lorkaning ispan mirshablari haqidagi sheʼrini tarjima qilish uchun ikki kun muhlat beriladi. Tuni bilan mijja qoqmay ishlagan Xurshid Davron gʻalabaga ishonsa-da, hakamning xulosasi qatʼiy edi — Shavkatning tarjimasi yaqqol ustun kelgandi.

Ammo bu voqeaning eng eʼtiborli jihati gʻalabada emas. Oradan bir necha kun oʻtib, Shavkat Rahmon Xurshid Davronning yoniga keladi va tarjimadagi bitta soʻzni unga berishini soʻraydi. U oʻz tarjimasidagi “O, jarangdor loʻli shahrim!” satridagi “shahar” soʻzi oʻrniga raqibining tarjimasidagi “kent” soʻzini qadab qoʻyishni istagan edi. Butun boshli sheʼrni bitta soʻz qanday mukammal qilishini his etish faqat soʻz qadrini bilgan chinakam meʼmorgagina xosdir.

Boshlanyapti

gitar nolasi.

O kutmagin undan

sukutni!

So‘ramagin undan

sukutni!

O gitara, sho‘rlik gitara,

beshta xanjar sanchilgan yurak!

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

“Jez otliq” qahri va turkiylar

1980-yillarning o‘rtalariga kelib sovet imperiyasining parchalanish talvasasi boshlandi. Adabiyot endi jiddiy kurash maydoniga aylandi. Erkin Vohidov muharrirligidagi “Yoshlik” jurnali she’riyat bo‘limiga Shavkat Rahmonning kelishi adabiyotda “xaltura”ga qarshi oshkora urush e’lon qilinishi edi. Shavkat Rahmon asarlarida endi shunchaki tabiat in’ikoslari emas, balki ikki yuz yillik mustamlaka zanjirlarining jaranggi, millatning fojiasi yaqqol ko‘rinish bera boshladi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

U imperiyaning dahshatli timsoli sifatida “Jez otliq” (Pyotr I) obrazini yaratdi. Ikki yuz yildan beri ellarni xarob qilgan, Turon zaminini toptagan bu bosqinchi haykalga qarata u shunday qahr bilan xitob qildi:

...Ozmi bu dengizlar,

ozmi bu yerlar,

ozmi tojlarini uzatgan yurtlar,

o‘z qonin simirib chirigan erlar,

baylangan hurlaru talangan durlar.

Tuyoqlar yanchmagan nimalar qoldi,

aytarmi qaytadan tiritgan yodlar,

Turonday sarg‘aymish ot peshobidan

samoviy xitoblar,

aziz kitoblar.

Bas, telva suvori,

haddingdan oshma,

quturgan ayg‘irning jilovini tort,

ikki yuz yildirki ellar boshida

tuyog‘ini qayrar bu dahshatli ot...

She’r juda o‘tkir va ochiqcha yozilgan. Uni o‘qir ekansiz ichingizda bir alanga paydo bo‘lmay qolmaydi. E’tibor bering, otliqning quturgan ayg‘iri shunchalar ifloski, uning peshobidan hatto muqaddas kitoblar, Turonning azaliy bilimlari sarg‘ayib, rasvo bo‘ldi. Bu har qanday mudroq shuurga musht urganday bo‘lishi turgan gap. Shoir bu zolim “zobitning” og‘ir boshini qachondir To‘marislar qon dengiziga otishini (jazolanishini) bashorat qiladi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Jez otliq o‘zini uradi har yon —

mash’um saltanatning sohibqironi,

chayqalar bo‘g‘ilgan bir bahri faryod,

bo‘riday ergashar el intiqomi. …

Sahroda ko‘rinar tag‘in To‘maris,

tag‘in bir qo‘zg‘atar sabr toshini,

bu safar meshgamas,

qon dengiziga

otar bu zobitning og‘ir boshini…

U millatni, parchalab tashlangan Turkistonni bir butun holda ko‘rishni orzu qilardi. Rahmon Qo‘chqor bilan 1995-yilda qilgan suhbatida u shunday deydi: “Atigi besh-o‘n yil ilgari mafkurachilar Turkiston g‘oyasini o‘lik g‘oya deb targ‘ib qilardilar... Xitoy bilan Rossiya oralig‘ida pirovard natijada har tomonlama rivojlangan... yagona siyosiy makonning barpo bo‘lishidan hammamiz manfaatdormiz”.

Havosiz

Inson aqli bovar qilmaydigan adolatsizlik... She’rga, so‘zga, o‘zbek tiliga hududsiz kenglik va osmondek toza havo olib kirgan isyonkor o‘z umrining so‘nggida... havosiz qoldi.

1995-96 yillarda Shavkat Rahmonni saraton (tomoq raki) o‘z domiga tortdi. Bo‘ydor, baquvvat, qiyofasi qadimiy toshbitiklarni eslatuvchi alp shoir kasalxona to‘shagida erib, bir burda bo‘lib qoldi.

Eng og‘riqli kunlar. 1996-yil mart. Rossiya Dumasi sobiq ittifoqni qayta tiklash bo‘yicha harakatlar qilayotgan kunlar. Palatada jon talashayotgan shoirni Nabijon Boqiy va Rahmon Qo‘chqor ko‘rgani kelishadi. Shavkat Rahmon ham aynan sobiq ittifoqni tiklash haqidagi gaplarni rafiqasi bilan gaplashib o‘tirgandi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Shoir mehmonlarga qarab, mushtlarini tugib shunday deydi: “Agar mustaqillikni qurol bilan himoya qilish zarur bo‘lsa, men ko‘ngilli bo‘lib jangga jo‘nayman... O‘g‘lim ham boradi... Sizlar ham borasizlar... Bir yuz-u o‘ttiz yildan so‘ng qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni osonlikcha berib qo‘ymayyiz”. Tanasi yemirilib ketgan, ammo ruhi po‘latdan qattiq jangchi so‘nggi nafasigacha chekinmadi.

Shoir umrining so‘nggigacha she’r yozdi. Eng oxirgi she’rlarini xotini Manzura opaga pichirlab aytib yozdiradi:

Nodirajon, Shoirajon,

tanam qimir etmaydi,

olis-olis vohalardan

tog‘larimni chaqiring,

osmon to‘la havolar

faqat menga yetmaydi.

... boring, qorli tog‘larga:

bir shoir yotibdi deng,

Xudoning hovlisida...

1996-yilning 2-oktyabr sahari. Xudoning keng hovlisida yotgan burgutning nafasi to‘xtadi.

U vafot etdi. Poytaxtning Qorasuv dahasi motamga botdi. Onasi qon yig‘lab, o‘g‘lini O‘shga, u doim sog‘ingan Pomir tog‘lari etagiga olib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo qizlari va yaqinlarining ra’yi bilan Toshkentning Yalang‘ochota qabristoniga dafn etildi.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Bugun afishalarda ismlari yaltirab turgan, minbarlarda mikrofonni yutib yuborgudek ehtiros bilan she’r o‘qiyotgan (Shavkat Rahmon ta’biri bilan aytganda “irillab she’r o‘qiydigan”), bir necha unvon-u ordenlar taqib olgan maddohlarni ko‘rganingizda, o‘sha Yalang‘ochotadagi jimjit va oddiy qabrni eslash kifoya.

Bormi er yigitlar, bormi er qizlar?!

Qilichin tashladi beklar nihoyat,

bosildi tulporlar,

tig‘lar suroni,

urhoga o‘rgangan tillarda oyat,

turkiylar tanidi komil xudoni.

Qilichlar zangladi…

falokat hushyor,

turkiylar quvvatin berdi yerlarga.

Hiylagar do‘stlarday yaqinlashdi yov

komillik qidirgan jasur erlarga.

Ilvasin yigitlar,

bobir yigitlar,

sajdaga bosh qo‘ydi yovga ters qarab,

g‘ullarni kemirib yig‘ladi itlar,

buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab.

Turkda bosh qolmadi… qolmadi dovlar.

xotin-xalaj qoldi motam ko‘tarib,

“bizga tik qarama” buyurdi yovlar,

yovlarga ters qarab yashadi bari.

Talandi samoviy tulpor uyuri,

talandi zarlari,

zebu zabari,

ters qarab o‘ling deb yovlar buyurdi,

yovlarga ters qarab jon berdi bari.

Lahadga kirdilar o‘zlarin qarg‘ab,

qolmadi arabiy,

turkiy xatlari,

tug‘ingiz dedi yov teskari qarab,

yovlarga ters qarab tug‘ildi bari.

Tug‘ildi,

tug‘ildi,

tug‘ildi qullar,

qirqida qirilgan — imdodga muhtoj,

yovlarga ters qarab itlarday hurar,

bir-biriga dushman,

bir-biridan koj.

Jo‘mardlar qirilgan Turonzaminda

do‘zaxiy tajriba pallasin ko‘rdim:

eshshak suvrati bor qay bir qavmda,

qay birida to‘ng‘iz kallasin ko‘rdim.

Bu holdan buvaklar bo‘g‘ilib o‘lar,

qul Bilol ezilib yig‘lar falakda…

O‘zlarin yondirar borliqdan to‘ygan

Badaxshon la’liday asl malaklar.

Mo‘minlar besh bora Allohni eslar

sajdaga bosh qo‘yib jallod toshiga.

O‘grilib sal ortga qarayin desa,

boshiga urarlar,

faqat boshiga.

Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,

bormi gul bag‘ringda jo‘mard nolalar,

bormi bul tufroqda o‘zligin izlab,

osmonu falakka yetgan bolalar.

Foto: Sun’iy intellekt asosida tayyorlangan surat

Bor bo‘lsa,

alarga yetkarib qo‘ying,

bir boshga bir o‘lim demagan ermas,

shahidlar o‘lmaydi,

bir qarab to‘ying:

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

Yovga ters qaragan musulmon emas!

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.