“Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatimiz Isroilga tobe bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz” — AQSH vitse-prezidenti

“Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatimiz Isroilga tobe bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz” — AQSH vitse-prezidenti
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens mamlakatining Yaqin Sharq bo‘yicha siyosati Isroilga bo‘ysunishini istamasligini bildirdi. U prezident Donald Trampning Isroil bilan aloqalarni uzishga tayyor bo‘lish ehtimolini ham inkor etmadi.
Vensning aytishicha, AQSH uchun Isroil harbiy texnologiyalar va razvedka ma’lumotlari almashinuvida muhim sherik hisoblanadi. Biroq ikki davlat kelisha olmaydigan holatlar ham bo‘lgan.
“Menimcha, u (Tramp) so‘nggi 40 yil ichidagi har qanday prezidentdan ko‘ra ko‘proq, Amerika xalqining manfaatlari Isroil hukumatining manfaatlaridan farq qilishini his qilganda, Bibi Netanyaxu bilan alohida yo‘ldan ketishga tayyorligini ko‘rsatdi... Donald Tramp so‘nggi 40 yil ichida ‘Bibi yaxshi hamkor, ammo u va mening bu boradagi qarashlarimiz turlicha’ yoki ‘Bu masalada Bibi nohaq’, ‘Isroil nuqtai nazaridan Bibi haq, ammo Amerika xalqi bizdan boshqa yo‘nalishda harakat qilishimizni xohlaydi’, deyishga tayyor bo‘lgan yagona prezidentdir”, dedi AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens.
U muloqot yuritish uchun Isroil bilan munosabatlar ham, boshqa aloqalar singari, avvalo Amerika manfaatlariga tayanishi kerakligini ta’kidladi. Vens bu qoida NATOga ham tegishli ekanini qo‘shimcha qildi.
“NATO bilan ko‘plab muhim aloqalar, hamkorliklar mavjud, ammo bu Yevropa tashqi siyosatimizni butunlay NATOga tobe qilib qo‘yamiz degani emas, xuddi Yaqin Sharqdagi tashqi siyosatimizning Isroil davlatiga bo‘ysunishiga yo‘l qo‘ya olmasligimiz kabi”, dedi Vens.
“Biz odamlar bilan ishlashimiz kerak bo‘lganda ishlaymiz, kelishmagan paytimizda esa kelishmaymiz. Biz Amerika manfaatlarini ko‘zlaymiz. Oqilona tashqi siyosat yuritishning yagona yo‘li shu”, deya xulosa qildi AQSH vitse-prezidenti.
### AQSH vitse-prezidenti Isroilga qarshi turli bayonotlar bilan chiqmoqda
Iyul oyida Jey Di Vens Isroil hukumati a’zolari Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi urushni yakunlashga qaratilgan kelishuvga qarshi chiqish uchun Amerika jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga uringanini aytgandi.
Kelajakda prezidentlikka potensial nomzod sifatida ko‘rilayotgan Vensning bu bayonoti ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchilik kuchayib borayotganidan dalolat beradi. AQSH vitse-prezidenti iyun oyida Eron bilan urushni yakunlash bo‘yicha imzolangan kelishuvni himoya qilgan. Isroil esa ushbu kelishuvni qoralagan.
O‘shanda Vens Isroilga xayrixoh bo‘lgan dunyodagi yagona davlat rahbari prezident Tramp ekanini ta’kidlagan. U Amerika ushbu mamlakatga milliardlab dollarlik mudofaa yordami ajratganini eslatgan.
“Mening ularga aytadigan gapim ikki qismdan iborat. Birinchidan: Donald Tramp ayni paytda butun dunyoda Isroil xalqiga xayrixoh bo‘lgan yagona davlat rahbaridir. Agar men Isroil hukumati kabinetida bo‘lganimda, butun dunyoda o‘zimga qolgan yagona qudratli ittifoqchiga hujum qilmagan bo‘lardim”, degan edi Vens Isroil boshh vaziri Binyamin Netanyaxuga murojaat qilib.
Ammo Isroil bosh vaziri bunga javoban AQSH eng buyuk do‘st ekani, ammo boshqa hamroh davlatlar ham borligini ta’kidlagan.
“Men Jey Di Vensni hurmat qilaman, bizning munosabatlarimiz juda yaxshi, ammo bu uning hamma gaplariga qo‘shilishimni anglatmaydi. Shuni ta’kidlashim kerakki, Donald Tramp Oq uydagi eng buyuk do‘stimdir. Bizning boshqa do‘stlarimiz ham bor, masalan, 1,4 milliard aholi yashaydigan Hindiston nomli unchalik katta bo‘lmagan mamlakat va u yerda bizni juda ko‘plar qo‘llab-quvvatlaydi”, degan edi u.
Shuningdek, Netanyaxu dunyoning ko‘plab davlatlari yetakchilari unga qo‘ng‘iroq qilib, hurmatlarini izhor etishini aytgandi.

