Yaponiyaning Okinava prefekturasida ayol kishini oʻldirishda gumonlanib, AQSh dengiz piyodasi hibsga olindi
Yaponiya hukumati AQShga rasmiy norozilik bildirib, harbiy mulozimlardan chora koʻrishni talab qildi.

AQSh dengiz piyodasi Yaponiyaning Okinava prefekturasida ayol kishini oʻldirganlikda gumonlanib hibsga olindi
Yaponiyaning Okinava prefekturasidagi mehmonxonalardan birida ayol kishining jasadi topilganidan keyin AQSh dengiz piyodasi qotillikda gumonlanib hibsga olindi, deb xabar berdi mahalliy rasmiylar.
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti ushbu jinoyatni «shafqatsiz va mudhish» talonchilik va qotillik deb atadi. U Okinava politsiyasi tergov olib borayotgan bir paytda AQSh tomoniga keskin norozilik bildirganini aytdi.
Yaponiyaning NHK jamoatchilik teleradiokompaniyasi qurbonning shaxsi 39 yoshli Yagi Anna, gumonlanuvchi esa AQSh Dengiz piyodalari korpusining «Futenma» aviabazasida xizmat qiluvchi 20 yoshli Devin Jeykob Ballard ekanligini maʼlum qildi.
«Biz dengiz piyodasi tomonidan sodir etilgan ogʻir jinoiy harakatlar toʻgʻrisidagi ayblovlar yuzasidan Yaponiya rasmiylari bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz», — deyiladi Dengiz piyodalari korpusining ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida. Shuningdek, unda halok boʻlgan ayolning oilasiga hamdardlik bildirilgan.
Yaponiya Mudofaa vaziri Sindziro Koidzumi ayolning jasadi shanba kuni ertalab Okinava prefekturasining maʼmuriy markazi Naxa shahridagi mehmonxonadan topilganini aytdi.
«Bunday hodisani aslo oqlab boʻlmaydi va bu meni qattiq gʻazablantirmoqda», — deb yozdi Koidzumi ijtimoiy tarmoqlarda. U «AQSh harbiy xizmatchilari ishtirokidagi voqea va hodisalar mahalliy aholida jiddiy xavotir uygʻotishi va bunga hech qachon yoʻl qoʻyilmasligi kerakligini» qoʻshimcha qildi.
AQShning Tokiodagi elchixonasi Yaponiya hukumati va mahalliy politsiya bilan toʻliq hamkorlik qilayotganini bildirdi. Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi yakshanba kuni ushbu hodisani muhokama qilish uchun AQSh elchisi Jorj Glassni chaqirtirganini maʼlum qildi.
Okinavada AQShning bir nechta harbiy bazalari joylashgan boʻlib, u yerda oʻn minglab amerikalik askarlar xizmat qiladi.
Okinava gubernatori Genta Koja prefektura AQShdan bunday hodisalarning oldini olish uchun choralar koʻrishni bir necha bor talab qilganini aytdi va sodir etilgan jinoyatni intizom yoʻqligining isboti deb bilishini taʼkidladi.
«Bu kabi voqeaning yana takrorlanishi bizni AQSh harbiylarining intizomni saqlash, shaxsiy tarkibni tarbiyalash va shu kabi boshqa chora-tadbirlari mutlaqo samarasiz degan xulosaga kelishga majbur qiladi», — dedi u.

