Dunyo

Tokio Moskvani Xabarovskdagi Yaponiya ustidan g‘alaba yodgorligini olib tashlashga chaqirdi

Tokio Moskvadan Xabarovskdagi Yaponiya ustidan g‘alaba yodgorligini olib tashlashni talab qildi

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Rossiyadan Xabarovsk shahrida Sovet Ittifoqining Yaponiya ustidan qozongan g‘alabasiga bag‘ishlangan yodgorlikni buzib tashlashni so‘radi.

Yaponiya bosh vaziri yodgorlikda mamlakat ramzlaridan biri bo‘lgan xrizantema tasviridan foydalanilganini mutlaqo nomaqbul deb atadi.

“Yaponiya hukumati Rossiya tomonini yodgorlikni o‘rnatishni to‘xtatishga va uni demontaj qilishga qat’iy chaqiradi”, — deb yozdi Takaichi X ijtimoiy tarmog‘ida.

4-sentyabr kuni Xabarovskning eng baland nuqtasida Ikkinchi jahon urushining tugashi va Sovet Ittifoqining Yaponiya ustidan qozongan g‘alabasiga bag‘ishlangan Rossiyadagi eng yirik yodgorliklardan biri ochildi.

Bronzadan quyilgan haykalning balandligi 15 metr. Unda sovet askari qo‘ndog‘i bilan Yaponiyaning ramzi hisoblangan xrizantema tasviri tushirilgan chegara ustunini urayotgani aks etgan.

Rossiya tomoni yodgorlikdagi chegara ustunini Yaponiyaning Saxalinda o‘rnatgan tarixiy belgilaridan birining nusxasi sifatida izohlamoqda.

Rossiya prezidenti boshqaruvida gumanitar siyosat masalalari bo‘yicha boshqarma rahbari o‘rinbosari Nikolay Ovseyenko haykaldagi xrizantema nafaqat Yaponiya imperatorlik sulolasining ramzi, balki Ikkinchi jahon urushi davrida “harbiylashtirilgan Yaponiya”ning ramzi ham ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yodgorlikdagi chegara belgisi Rossiya-Yaponiya urushidan keyin Yaponiyaning Saxalinning bir qismini egallab olgan davrda o‘rnatilgan chegara toshining aynan nusxasi hisoblanadi.

Xrizantema Yaponiyaning rasmiy ramzlaridan biri bo‘lib, imperatorlik sulolasi bilan chambarchas bog‘liq. 16 bargli oltin xrizantema tasviri imperatorlik gerbi sifatida davlat hujjatlarida va imperator oilasiga aloqador buyumlarda qo‘llanadi.

1945-yil avgustida Sovet Ittifoqi ittifoqchilik majburiyatlarini bajarish doirasida Yaponiyaga qarshi urushga qo‘shiladi. 9-avgust kuni sovet qo‘shinlari Manchjuriyada hujum boshlaydi.

Manchjuriya operatsiyasi davomida Sovet armiyasi Yaponiyaning Kvantung armiyasini tor-mor etadi. Shuningdek, sovet qo‘shinlari Janubiy Saxalin va Kuril orollarini egallaydi.

Kvantung armiyasining mag‘lubiyati Yaponiyaning Osiyo qit’asidagi eng yirik quruqlikdagi harbiy guruhidan ayrilishiga olib keldi va mamlakatning taslim bo‘lish jarayonini tezlashtirgan edi.

1945-yil 2-sentyabrda Yaponiya so‘zsiz taslim bo‘lish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Bu Ikkinchi jahon urushining yakunlanganini anglatdi.

2026-yil 13-avgust kuni Vladimir Putin Rossiya nazoratidagi, ammo Yaponiya da’vo qiladigan Kuril orollaridan biri — Iturupga ilk bor tashrif buyurdi. Bu Rossiya prezidentining Kuril orollariga 2010-yildagi Dmitriy Medvedev tashrifidan keyingi ilk prezidentlik tashrifi bo‘ldi.

Tokio bunga juda keskin munosabat bildirdi. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi tashrifni “mutlaqo nomaqbul” deb atagan, Yaponiya TIV esa Rossiya elchisini chaqirib, norozilik bildirgandi.

Shundan keyin vaziyat yanada keskinlashdi. 18-avgustda Rossiya Yaponiya elchisini chaqirib, Takaichining Putinning tashrifiga bergan bahosidan norozilik bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.