Texnologiya

Yaponiyada robotlar uchun “tez yordam” mashinasi yaratildi

Yaponiyada robotlar uchun “tez yordam” mashinasi ishlab chiqildi

Yaponiyaning GMO Air kompaniyasi mamlakatdagi ilk “robotlashtirilgan tez yordam mashinasi”ni namoyish etdi. Bu furgon gumanoid robotlarni favqulodda ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus jihozlangan.

Avtomobil Tokio ko‘chalarida xizmat qiladi. Uning asosiy vazifalari muhandislar, ta’mirlash uskunalari, ehtiyot qismlar va zarurat tug‘ilganda muqobil robotlarni mijozga yetkazib berishdan iborat. Agar joyida ta’mirlashning imkoni bo‘lmasa, buzilgan robot bazaga olib ketiladi va mijozning biznesi to‘xtab qolmasligi uchun uning o‘rniga vaqtinchalik robot qo‘yiladi.

Mutaxassislar furgon avtonom tarzda ishlash va boshqa robotni ta’mirlash xususiyatiga ega emasligini aniqlik kiritdi. Furgonda eski va zamonaviy usullar uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, unda texnika va inson birgalikda ishlaydi. Xususan, mashinada muhandislar voqea joyiga yetib keladi, diagnostika o‘tkazadi va imkon bo‘lsa, muammoni shu yerning o‘zida bartaraf etadi. Aks holda, vaqtinchalik qurilma qoldirilib, eski robot ta’mirlash uchun servis markaziga yuboriladi.

Ushbu g‘oya kompaniyaning avvalgi tajribasidan kelib chiqqan va jiddiy muammoni hal qilishga qaratilgan: agar narxi 70 mingdan 140 ming dollargacha bo‘lgan robot ish vaqtida buzilib qolsa, uni servis markaziga yuborish va faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish uchun kompaniya bir necha kun va minglab dollar yo‘qotadi. Tozalash yoki boshqa ishlarda gumanoid robotlardan foydalanadigan mehmonxona va omborlar uchun bu haqiqiy muammo.

Furgon taqdimoti AQSH va Xitoy o‘rtasida gumanoid robotlar yaratish bo‘yicha raqobat kuchayib borayotgan bir paytda o‘tkazildi. Yaponiyada hukumat o‘z oldiga ulkan maqsad qo‘ygan — 2040-yilga borib sog‘liqni saqlashdan tortib ishlab chiqarishgacha bo‘lgan turli sohalarda 10 million robotni ishga tushirish.

Robotlar soni ortib borgani sari ularning uzluksiz ishlashi, tezkor texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar logistikasini yo‘lga qo‘yish bu poygada kim ustun kelishini belgilovchi asosiy omillarga aylanmoqda.

Hozircha Tokioda faqat bitta “tez yordam” furgoni sinov tariqasida ishlamoqda. Ammo talab oshsa, bunday furgonlar soni ko‘paytiriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.