Yaponiyada Mazda MX-5 chiroyli klassik dizaynda taqdim etildi
Mitsuoka yangi ikki oʻrinli LA1 rodsterining dizaynini oshkor qildi. Avtomobil uzun orqa oʻsimtalar, xromlangan bezaklar va Corvette C1 modeliga oʻxshash yon qismlarga ega boʻldi.

Yaponiyada Mazda MX-5 klassik uslubda taqdim etildi
Yaponiyaning Mitsuoka kompaniyasi klassik Chevrolet Corvette C1 ruhida ishlangan yangi ikki oʻrinli LA1 rodsterini tayyorlamoqda. Ushbu avtomobil uchun asos sifatida zamonaviy Mazda MX-5 xizmat qiladi.
Mitsuoka LA1 ning rasmiy premyerasini 26-noyabrga belgiladi. Hozircha kompaniya faqat ilk suratlarni eʼlon qilib, bo‘lajak modelning tashqi ko‘rinishini oshkor qildi.
Rodsterning old qismi 1950-yillardagi Corvette C1 ni eslatadi. Avtomobil to‘rtta fara, kattalashtirilgan radiator panjarasi, kapotdagi ventilyatsiya teshiklari va old splitter bilan jihozlangan. Orqa qismi ham klassik Amerika rodsteri uslubida bajarilgan: kuzov yon tomonlaridagi chiroqlar, ko‘p xrom va vintaj bamper bunga misol.
Yaponiyada hozirgi Mazda MX-5 ND 132 va 184 ot kuchiga ega 1,5 va 2 litrli to‘rt silindrli dvigatellar bilan taklif etiladi. Ikkala motor ham olti pog‘onali mexanik yoki avtomatik uzatmalar qutisi hamda orqa g‘ildirakdan tortuvchi tizim bilan ishlashi mumkin. Yangi model narxi hozircha oshkor etilmagan.
LA1 Mitsuoka kompaniyasining MX-5 asosida yaratilgan va Corvette’dan ilhomlangan ikkinchi loyihasi bo‘ladi. 2018-yilda kompaniya Rock Star rodsterini taqdim etgan edi, uning dizayni MX-5 ND platformasini Amerikaning Corvette C2 elementlari bilan uyg‘unlashtirgandi. Yangi LA1 eskizlarini ham Rock Star ustida ishlagan dizayner Takanori Aoki yaratgan.

