Yaponiyada 291 ming dollarlik o‘g‘irlangan soat pochta orqali qaytarib yuborildi
Unga uzr so‘rab yozilgan xat ilova qilingan edi.

Yaponiyada 291 ming dollarlik o‘g‘irlangan soat pochta orqali qaytarib yuborildi
Tokioda o‘g‘irlangan Audemars Piguet soati pochta orqali do‘konga qaytarib yuborildi.
Yakshanba kuni ertalab Nakano tumanidagi do‘konga Aichi prefekturasidan pochta jo‘natmasi yetib keldi. Uning ichida qo‘l soati va xat bor edi.
Buyumdagi identifikatsiya raqami avvalroq do‘kondan o‘g‘irlangan model raqamiga mos kelgani aniqlandi. Soatda ko‘zga tashlanadigan shikastlanishlar yo‘q edi. Shuningdek, jo‘natma ichida uzrnoma ham bo‘lgan. Yuboruvchining ismi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, politsiya u uydirma bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
O‘g‘rilik payshanba kuni kechqurun sodir bo‘lgan. O‘zini xaridor sifatida tanishtirgan noma’lum erkak narxi 291 ming dollar bo‘lgan soatni taqib ko‘rgan. U do‘konda 8 daqiqa bo‘lib, so‘ng chap qo‘liga taqilgan soat bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.
Bu mazkur savdo markazida so‘nggi bir necha oy ichida sodir etilgan ikkinchi o‘g‘rilikdir. Avgust oyida ikki nafar chililik umumiy qiymati 1,2 million dollarlik to‘rtta qimmatbaho qo‘l soatini o‘g‘irlab ketgan edi. Keyinroq ular qo‘lga olingan.

