Yaponiyada ayiq sabab poyezdlar qatnovi uch kunga to‘xtab qoldi
Hokkaydo orolida yo‘lovchi poyezdi ayiq bilan to‘qnashib, lokomotiv relsdan chiqib ketdi. Hodisa sabab ikki shahar o‘rtasidagi temiryo‘l qatnovi to‘xtatildi.

Yaponiyada ayiq sabab poyezdlar qatnovi uch kunga to‘xtadi
Yaponiya shimolidagi Hokkaydo orolida yo‘lovchi poyezdi ayiq bilan urishib ketdi. Natijada lokomotiv relsdan chiqib ketdi va temiryo‘l harakati uch kunga to‘xtab qoldi.
Voqea 30-oktyabr kuni sodir bo‘lgan. To‘qnashuvdan so‘ng Asaxikava shahri bilan Laperuz bo‘g‘ozi sohilidagi Vakkanyay porti orasidagi temiryo‘l qatnovi butunlay to‘xtatilgan.
JR Hokkaido bergan ma’lumotga ko‘ra, bu yo‘nalishda poyezdlar qatnovi 3-noyabr kuni ertalab qayta tiklanishi kutilmoqda. Bekor qilingan poyezdlar o‘rniga 2–3-noyabr kunlari vaqtinchalik avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan.
2026-yil yanvarida ham Yaponiyada poyezd bilan bog‘liq noodatiy holat yuz bergan edi. Hokkaido Railway Companyga tegishli H5 seriyali tezyurar “Sinkansen” poyezdi harakatlanayotgan paytda undan og‘irligi qariyb 5 kilogramm bo‘lgan detal ajralib tushgan. Poyezd xodimi vagon ostidan g‘alati tovush eshitgan. Keyingi bekatda o‘tkazilgan tekshiruvda suv bakini himoya qiluvchi panel tushib ketgani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, 28-oktyabr kuni Ispaniyaning Toledo provinsiyasidagi Urda shahri yaqinida ikki yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketdi. Hodisa oqibatida 70 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Poyezdlarda jami 500 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan. Hukumat falokat munosabati bilan 29-oktyabrdan boshlab uch kunlik motam e’lon qildi.

