Texnologiya

Yaponiya mudofaa sohasida robotlardan foydalanishi mumkin

Yaponiya mudofaa sohasida robotlardan foydalanishni ko‘rib chiqmoqda

Yaponiya hukumati mudofaa yo‘nalishida gumanoid robotlardan foydalanish imkoniyatini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Ularni harbiy bazalarni qo‘riqlash yoki yuk tashish ishlariga jalb etish ko‘zda tutilgan. Bu haqda mahalliy Kyodo News agentligi xabar berdi.

Gumanoid robotlarni mamlakat mudofaa tizimiga kiritish masalasi hozircha muhokama bosqichida. Rejada “jismoniy sunʼiy intellekt” (physical AI) deb ataladigan texnologiyadan foydalanish nazarda tutilgan. Ushbu texnologiya robotlarni sunʼiy intellekt bilan jihozlab, ularga mustaqil harakatlanish imkonini beradi.

Robotlar harbiy bazalarni qo‘riqlash yoki turli yuk va materiallarni tashishga jalb etilishi mumkin. Hozircha ularni jangovar harakatlarda qo‘llash haqida gap ketmayapti. Biroq Kyodo News kelajakda bunday robotlardan razvedka va qutqaruv operatsiyalarida ham foydalanilishi mumkinligini qayd etgan.

Yaponiya hukumati shu orqali mamlakatning O‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlarida kuzatilayotgan kadrlar tanqisligini yumshatmoqchi. Keyingi 20 yil ichida harbiy xizmatga jalb qilinishi mumkin bo‘lgan fuqarolar soni qariyb uchdan birga, yaʼni taxminan 30 foizga kamayishi mumkin.

Yaponiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, robotlarni joriy etish xodimlar soni cheklangan bo‘limlarda inson mehnatini almashtirish yoki uni to‘ldirish uchun samarali vosita bo‘lishi mumkin.

Hozircha robotlardan harbiy maqsadlarda foydalanish qanchalik maqsadga muvofiq ekani keng ko‘lamli tadqiqot doirasida o‘rganiladi. Hukumat xususiy kompaniyalar va universitetlarni ham yangi yechimlar ishlab chiqishga jalb etmoqchi. Ular yaratgan robotlar maxsus tanlovda sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yaponiyada kadrlar tanqisligi faqat mudofaa sohasiga xos muammo emas. Hukumat boshqa tarmoqlarda ham ishchi kuchi yetishmovchiligini robotlar yordamida bartaraf etishni rejalashtirmoqda.

2026-yil yozining o‘rtalarida Yaponiya hukumati 2040-yilgacha ishchi kuchi tanqisligini kamaytirish maqsadida sunʼiy intellekt bilan jihozlangan qariyb 10 millionta robotni joriy etishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgandi. Mamlakatning o‘z sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqish uchun 1 trillion iyenagacha, yaʼni qariyb 6 milliard dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.